“Arkadag” – “Andijon” (0:0) bahsidan keyingi matbuot anjumanida “Andijon” klubi bosh murabbiyi Maksim Shatskix hamda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan Doniyor Abdumannopov jurnalistlar savollariga javob berishdi.
Bosh murabbiy Maksim Shatskix o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi:
“Barchaga xayrli kech. Avvalo, yo‘lni uzoq bosib kelib, bizga ruhiy quvvat bergan muxlislarimizga alohida minnatdorlik bildiraman. Menimcha, bu bellashuvni faqatgina stadiondagilar emas, balki butun Andijon va yurtimiz ahli tomosha qildi. Bellashuv haqida gapiradigan bo‘lsam, uchrashuvdan keyin yigitlarga minnatdorchilik aytdim. Ularga berilgan ko‘rsatmalarni bajarishdi, imkoniyatlar yaratishdi, maydonda faol harakat qilishdi. Eng muhimi, istak va irodani ko‘rsata olishdi. Shuni ham eslatib o‘tmoqchimanki, biz Turkmaniston milliy jamoasi o‘ynaydigan joyda mehmon sifatida to‘p surdik, bu jihatni unutmaslik kerak. Natijada birinchi ochkomizni oldik va bunga munosib edik”.
Bellashuv qahramonlaridan biri, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Doniyor Abdumannopov esa shunday dedi:
“Bellashuv biz kutgandek kechdi. Murabbiy ko‘rsatmalarini aniq bajardik. Barcha jamoadoshlarimga va maydonga kelib qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorchilik bildirib qolaman”.
Shu tariqa, “Andijon” safarda muhim durangga erishdi va musobaqada o‘z hisoblariga dastlabki ochkolarni yozib qo‘yishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!