Angliya Premer-ligasining 5-turi doirasidagi eng katta bahs bugun Londonda bo‘lib o‘tadi. Vitse-chempion «Arsenal» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qiladi. Bu bellashuv nafaqat turning, balki butun mavsumning asosiy uchrashuvlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
«Emireyts» stadionida kechadigan to‘qnashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:30da start oladi. O‘yin uchun asosiy tarkiblar e’lon qilindi va ular orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor. Yosh futbolchi «shaharliklar» safida to‘rtinchi marta ketma-ket asosiy tarkibdan o‘rin oldi.
Husanov so‘nggi turlardagi ishonchli o‘yini orqali Gvardiolaning asosiy ishonchli futbolchilari qatoriga qo‘shildi. Uning maydondagi g‘ayrat va himoyadagi mustahkamligi «Siti» uchun katta kuch bo‘lib turibdi.
Turnir jadvalidagi holatga nazar tashlasak, Mikel Arteta qo‘l ostidagi «to‘pchilar» dastlabki to‘rt o‘yinda 9 ochko to‘plagan va yuqori pog‘onalardan joy olgan. «Manchester Siti» esa ayni paytgacha bor-yo‘g‘i 6 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Shu sabab, bu bahs har ikki jamoa uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv «Setanta Sports» telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi.
APL. 5-tur
21 sentyabr, «Emireyts» (London)
Arsenal: Rayya, Timber, Saliba, Gabriel, Kalafiori, Subimendi, Rays, Merino, Madueke, Trossar, Gokeresh.
Manchester Siti: Donnarumma, Husanov, Diash, Gvardiol, O’Rayli, Rodri, Silva, Reynders, Foden, Dok-u, Holand.