Angliya premer-ligasining beshinchi turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda “Manchester Siti” Londondagi “Emireyts” stadionida “Arsenal”ga qarshi maydonga tushib, murakkab va keskin kurashlar ostida 1:1 hisobida durang natija qayd etdi. Bu bellashuv nafaqat turning eng ko‘zga ko‘ringan bahsi sifatida, balki taktik jihatdan ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvdan so‘ng “shaharliklar” ustozi Pep Gvardiola jurnalistlar bilan suhbatda o‘z jamoasining o‘yin uslubiga oid tanqidlarga javob qaytardi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi hollarda raqibning kuchli o‘yiniga moslashish va katta himoyaviy intizom bilan harakat qilish zarurati tug‘iladi.
— Futbolda ba’zan raqib sizning jamoangizdan kuchliroq chiqishi mumkin. Agar biz chuqur mudofaada harakat qilgan bo‘lsak, buning sababi yo raqibning o‘ta kuchliligi, yoki bizning o‘yin sifati past bo‘lganidir. Faoliyatim davomida hech qachon jamoam bilan bunchalik uzoq muddatda va butun tarkib bilan passiv himoyada qolmaganman. Lekin bu safar “Arsenal”ga qarshi shunday yo‘l tutdik va ochig‘i, men buni kelajak uchun juda ijobiy tajriba sifatida qabul qilaman, — dedi Gvardiola.
Kataloniyalik murabbiyning fikricha, futbolda faqat hujumkorlikka tayanib bo‘lmaydi. Raqibning kuchiga qarab, ba’zan o‘zgarish kiritish, sxemani o‘zgartirish va kuchli jamoalarga qarshi sabr bilan mudofaa qilish jamoa rivoji uchun muhim omil hisoblanadi.
“Siti”ning bu safardagi harakatlari ko‘plab ekspertlar tomonidan “Gvardiola uslubi uchun g‘ayrioddiy” deb baholandi. Biroq murabbiy bu yo‘nalishni tanlash orqali futbolchilarini har xil ssenariylarda sinovdan o‘tkazishni maqsad qilganini ta’kidladi.
Shu tariqa, “kanonirlar”ga qarshi bahs nafaqat tur ochkolari taqdiri, balki taktik jihatdan “Siti” uchun katta maktab vazifasini ham bajardi. Gvardiola esa o‘z jamoasining moslashuvchanligi va tajriba orqali yanada kuchliroq bo‘lishini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!