Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYEFA) kelayotgan haftada Isroilni turnirlardan chiqarish yoki unga ruxsat berish masalasi yuzasidan hal qiluvchi qaror qabul qilishi kutilmoqda. The Times nashrining yozishicha, ijro qo‘mitasi a’zolarining katta qismi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori sifatida ko‘rilmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu hafta UYEFAda Isroil harakatlariga qanday munosabat bildirish haqida «yuqori darajada jiddiy muhokamalar» bo‘lib o‘tgan. Chetlatishni talab qilayotganlar 2022-yil Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya klublari va milliy jamoalariga nisbatan qo‘llanilgan tajribani misol sifatida keltirishmoqda.
Shu bilan birga, Israel Hayom gazetaci diplomatik bosimlar, sport rahbarlari va hatto «Amerika rasmiylari»ning sa’y-harakatlari sababli Isroilni UYEFA turnirlaridan chiqarish masalasi kun tartibidan chiqarilgani haqida xabar tarqatgan edi.
Avvalroq BMTning Falastin hududlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze UYEFAga murojaat qilib, Isroilni barcha musobaqalardan chetlatishni talab qilgandi. Shu bilan birga, The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Isroil terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionati saralashidan chiqarish urinishlarini «to‘liq to‘xtatish» niyatida harakat qilmoqda.
Ayni paytda Isroil terma jamoasi saralashning I guruhida uchinchi o‘rinda boryapti. Jamoa Italiya bilan bir xil — 9 ochkodan to‘plagan. Norvegiya 15 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Guruh g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘l oladi, ikkinchi o‘rin egasi esa keyingi bosqichda ishtirok etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!