Angliya Premer-ligasining navbatdagi turida «Liverpul» kutilmagan mag‘lubiyatga uchradi. Arne Slot boshqaruvidagi jamoa safarda «Kristal Pelas»ga qarshi maydonga tushib, 1:2 hisobida yutqazdi. Uchrashuvdan keyin gollandiyalik mutaxassis matbuot anjumanida bellashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Birinchi bo‘lim juda og‘ir kechdi. Raqib jamoa yuqori darajada harakat qildi va ularning o‘yini haqiqatdan ham gol kiritishga arzirli edi. Shukrki, tang holatda ham birinchi taymda hisob 0:1 ko‘rinishida qoldi. Ikkinchi bo‘lim esa butunlay boshqacha yo‘nalishda kechdi. Biz o‘z vaqtida gol urish imkoniyatiga ega bo‘ldik va buni o‘yin yakunlanishiga yaqin amalga oshirdik. Ammo standart vaziyatdan kiritilgan ikkinchi to‘p raqibga g‘alaba olib keldi», – dedi Slot.
Murabbiyning ta’kidlashicha, Premer-ligada raqobatbardosh bo‘lish uchun jamoa standart holatlarda yanada samarali harakat qilishni o‘rganishi shart. «O‘tgan mavsumda bu jihatlarimiz kuchli edi. Ammo hozir “Nyukasl”ga qarshi ikkita gol o‘tkazdik, endi esa yana ikki marta xuddi shu holatda mag‘lub bo‘ldik. Chempionatda standart vaziyatlar tobora hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda», – deya ta’kidladi u.
Arne Slot «Kristal Pelas»ning o‘yin uslubiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi: «Ular o‘zlariga mos sxemada harakat qilishdi. Past blokda yaxshi himoyalanishdi, tezkor futbolchilardan unumli foydalanishdi va Mateta kabi kuchli hujumchiga ega bo‘lishdi. Birinchi bo‘limda bizga juda qiyin bo‘ldi. Keyingi paytlarda esa to‘pni ko‘proq nazorat qildik, ammo past blokni yorib o‘tish oson kechmadi».
«Qo‘shimcha daqiqalarda to‘p o‘tkazib yuborish juda alamli. Ammo biz har bir bellashuvdan xulosa chiqaramiz va shunday o‘yinlardan yanada ko‘proq saboq olamiz», – deya qo‘shimcha qildi «Liverpul» bosh murabbiyi.
Shu tariqa, Arne Slot shogirdlari jamoaviy kuch va to‘g‘ri xulosalar orqali keyingi bahslarda kuchliroq natijalar ko‘rsatishlari shartligini e’tirof etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!