Bir necha nufuzli manbalarning xabar berishicha, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi 2023-yilning yozidan buyon o‘ynab kelayotgan AQSHning “Inter Mayami” klubi bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Unga ko‘ra, argentinalik yulduz klub bilan 2028-yilning oxirigacha davom etadigan yangi bitim tuzishi kutilgan.
Biroq, yangi ma’lumotlar vaziyat boshqachaligini ko‘rsatmoqda. Ispaniyaning nufuzli El Nacional nashrining yozishicha, 38 yoshli Leoning fikri o‘zgargan. Manba ta’kidlashicha, Messi endi faoliyatini uzaytirish emas, balki yaqin yillarda uni yakunlash niyatida. Bu qarorni u o‘z yurtida, futboliga asos solgan birinchi klubi — “Nyuells Old Boyz” safida amalga oshirishga bel bog‘lagan.
Shu tariqa, dunyo futboli afsonasi katta ehtimol bilan karerasini Argentina klubida yakunlab, o‘zining ilk jamoasi sharafini yana bir bor oliy minbarga olib chiqishni orzu qilmoqda.
Messining Argentina terma jamoasidagi kelajagi ham hozirda noaniq. U 2026 yilgi jahon chempionatida maydonga tushadimi-yo‘qmi, hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq El Nacional tahlilchilari fikricha, Leo o‘zining so‘nggi mundialida “Nyuells Old Boyz” futbolchisi sifatida ishtirok etib, qadrdon klubining tarixini yanada yorqin sahifalar bilan boyitishni istayapti.
Shubhasiz, Messining qanday qaror qabul qilishi nafaqat Argentina, balki butun dunyo futboli hamjamiyati uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uning faoliyati, o‘ynagan har bir klubi va milliy terma jamoasi bilan yozib ketgan tarixi allaqachon sport afsonasi sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!