O‘zbekiston milliy terma jamoasi kelgusi yirik turnirlar arafasida yangi bosh murabbiy masalasini hal qilishga kirishdi. Jahon futbolidagi mashhur insayder, jurnalist Fabritsio Romanoning yozishicha, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi sobiq jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi Fabio Kannavaro bilan rasmiy muloqot boshlagan.
Muzokaralar jarayoni
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kannavaro vakillari bilan muzokaralar faol davom etmoqda. Italyan mutaxassisning nomzodi Assotsiatsiya rahbariyati tomonidan jiddiy ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlanmoqda. Bu jarayonda shartnoma muddati, maosh va ish uslubiga oid qator masalalar muhokama qilinmoqda.
Potensial raqiblar
Avvalroq terma jamoamizning bosh murabbiyi lavozimiga yana ikki nomzod tilga olingan edi. Ulardan biri – Germaniya termasi bilan jahon chempioni bo‘lgvn Yoaxim Lyov, ikkinchisi esa Janubiy Koreya bilan xalqaro turnirlarda katta tajriba to‘plagan Paulo Bentu. Shunga qaramasdan, hozirgi bosqichda Kannavaro asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda.
Kannavaro haqida
Fabio Kannavaro futbol tarixida nom qozongan himoyachilardan biri. U 2006-yilda Italiya termasi bilan Jahon chempionligini qo‘lga kiritib, shu yilning o‘zida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. "Milan", “Inter”, “Yuventus” va “Real Madrid” kabi nufuzli klublarda to‘p surgan. Futbolchilik faoliyatidan so‘ng murabbiylik yo‘lini tanlagan va Italiya hamda Osiyo klublarida tajriba orttirgan.
O‘zbekiston uchun yangi bosqich
Ma’lumki, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu tarixiy natijadan keyin Assotsiatsiya jamoani yuqori saviyada tayyorlay oladigan, katta tajribaga ega murabbiyni izlamoqda.
Agar Kannavaro bilan kelishuv ijobiy yakunlansa, milliy terma jamoa ilk bor Jahon chempionatida Italiya maktabi va tajribasiga tayanadigan bo‘ladi. Bu esa nafaqat jamoa, balki butun o‘zbek futboli uchun yangi sinov va katta imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Xulosa
Hozircha muzokaralar yakuni haqida rasmiy xabar berilmadi. Biroq Kannavaro nomzodining jiddiy ko‘rib chiqilayotgani va uning milliy jamoamizga qo‘shilishi ehtimoli yuqori ekani futbol jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar