date

Kannavaro: "Mundialga tayyorgarlikni yangi bosqichga birgalikda ko‘taramiz"

Kannavaro: "Mundialga tayyorgarlikni yangi bosqichga birgalikda ko‘taramiz"

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Milliy futbol markazida yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaro, yordamchi murabbiy Timur Kapadze va O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Yangi ustoz dastlabki so‘zidayoq ishonch uchun minnatdorlik bildirdi va rejasi yo‘lni boshqatdan qura boshlash emas, balki mavjud tizimni rivojlantirib, yangi bosqichga olib chiqishdan iborat ekanini qayd etdi.
— Kelganingiz uchun rahmat. Bunday imkoniyat men uchun katta sharaf. Assotsiatsiya oxirgi ikki yilda ko‘pgina yosh futbolchilarni yetishtirdi — O‘zbekistonni tanlashimda shu omil muhim bo‘ldi. Barchasini tubdan o‘zgartirish niyatim yo‘q, mavjud yo‘lni davom ettirib, kuchaytirmoqchiman. Motivatsiyam baland, futbolchilarni imkon qadar tezroq maydonga boshlab tushishni istayman. O‘zbekistonda ko‘p bo‘laman — hatto velosipedimni ham olib kelganman, — dedi Kannavaro.
Kapadze esa terma jamoa manfaati hamma narsadan ustun ekanini ta’kidladi:
— O‘FA rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. To‘rt yilda yaxshi natijalarga erishdik. Qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Terma jamoada kim ishlashiga qaramasdan eng ustuvor qadriyat. Oldimizda Jahon chempionati — barchamiz termani qo‘llab-quvvatlaymiz, — dedi u.
Kapadzening aytishicha, hozircha yig‘in davomida shtabga yordam beradi, keyin esa vaziyatga ko‘ra qaror qilinadi: Kannavaro mahalliy futbolni to‘liq o‘rganib olguncha u jamoa bilan birga bo‘ladi.
Urugvayga qarshi bo‘lajak o‘rtoqlik bahsi haqida so‘z yuritar ekan, Kannavaro Yevropa klublari va termalariga emas, umumiy darajani ko‘tarishga e’tibor qaratish kerakligini bildirdi:
— Hozir futbol faqat Yevropada emas. Osiyoda ko‘p ishladim, bu mintaqaning o‘sishini yaxshi bilaman. Osiyo federatsiyalari, ayniqsa, yoshlar futboliga jiddiy investitsiya qilmoqda. Italiyaga qarshi o‘ynalsa, munosib qarshilik ko‘rsata olamiz, — dedi u.
Kannavaroga ko‘ra, milliy jamoa allaqachon raqobatbardosh, ammo yaxshilanadigan yo‘nalishlar ham bor:
— Eng muhim jihat — intensivlik. Osiyo va Yevropaning farqi shunda. Butun o‘yin davomida yuqori tempni ushlab turish lozim — shundagina g‘alaba imkoniyati oshadi. Jismoniy tayyorgarlikni chuqur nazorat qilamiz. Barcha jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar bilan uchrashib, to‘liq ma’lumotni olamiz. Kim Jahon chempionatida bo‘lmagan bo‘lsa, bilib qo‘ysinki, u yerdagi sur’at shunchaki dahshatli, — deya ogohlantirdi mutaxassis.
Matbuot anjumani yakunida Kannavaro savollarga ochiq ekani, Kapadze esa yaqin oylarda jamoaga bevosita ko‘mak berishi ma’lum qilindi. Endi esa barcha baholar maydonda — maqsad aniq: Mundialga mardona tayyorgarlik va munosib ishtirok.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kannavaro: "Mundialga tayyorgarlikni yangi bosqichga birgalikda ko‘taramiz"