date

Kannavaro tanlovi: yangi bosh murabbiyga Yevropadan qanday munosabat bo‘ldi?

Kannavaro tanlovi: yangi bosh murabbiyga Yevropadan qanday munosabat bo‘ldi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026-yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan jahon chempionatiga italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro tayyorlaydi. 2006 yilgi “Oltin to‘p” sohibining mundial debyutantiga bosh murabbiy sifatida kelishi kutilmagan qaror sifatida baholanmoqda — chunki Fabio, afsonaviy futbolchi bo‘lishiga qaramay, murabbiylikda hali yorqin natijalarga erishmagan.
Shu sababli Kannavaro uchun ham murakkab, biroq juda mas’uliyatli yangi bosqich boshlandi. Qaror dunyo ommaviy axborot vositalarida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Belgiyadagi voetbalnieuws.be sayti jurnalisti Yannik Lankrit o‘z tahlilida Kannavaroning o‘tmishini va O‘zbekiston tanlovini shunday izohlaydi: futbolchi sifatida Fabio Kannavaro mutlaq yuqori saviyada bo‘lgan — “Napoli”, “Parma”, “Inter”, “Yuventus” va “Real Madrid”dek grandlarda o‘ynagan, 2006-yilda esa Italiyani jahon chempioni qilib, shaxsan “Oltin to‘p”ga munosib topilgan.
Murabbiylik karerasida esa shunday barqaror parvoz ko‘rinmadi: Italiyada “Benevento” va “Udineze”da qisqa muddatli tajribalar, Yaqin Sharq va Xitoydagi ish faoliyatlari, so‘nggi manzil — Zagrebning “Dinamo”sida to‘rt oyga yetmay ishni yakunlash. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Kannavaroga ishonch bildirdi va 2026-yil 31-iyuligacha mo‘ljallangan shartnoma asosida jamoani mundialga tayyorlash vazifasini topshirdi.
Bu orada O‘zbekiston tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Hal qiluvchi saralash bosqichida yurtimiz termasi Erondan keyin ikkinchi bo‘lib, asosiy ta’qibchilar — BAA va Qatarni ortda qoldirdi. Markaziy Osiyoning yetakchi jamoasi sifatida o‘z o‘yin uslubini mustahkamlayotgan O‘zbekistondan mundialdagi debyut ham muxlislardan, ham ekspertlardan katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Lankrit qayd etganidek, o‘zbek futboli tez sur’atlarda o‘smoqda. Buni “Manchester Siti”da porlayotgan yosh himoyachi Abduqodir Husanov misolida ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, o‘tgan yozdan buyon Belgiyaning Jupiler Ligasida “Antverpen” sharafini himoya qilayotgan Muhammadali O‘rinboyev ham mamlakat futboli potensialiga ishora qilib turibdi.
Xulosa o‘rnida: Kannavaro oldidagi vazifa aniq — tuzilgan salohiyatni tizimli mashg‘ulotlar, to‘g‘ri tanlov va muvozanatli taktika bilan mundial sahnasiga tayyor holatga olib chiqish. O‘zbekistonning tarixiy debyuti mutaxassisdan ham, futbolchilardan ham yuksak intizom va yangi darajadagi raqobatga tayyorlikni talab qiladi. Muxlislar esa endi jamoaning katta sahnadagi qadamlarini katta umid bilan kutmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kannavaro tanlovi: yangi bosh murabbiyga Yevropadan qanday munosabat bo‘ldi?