O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va Qozog‘iston futbol federatsiyasi prezidenti Marat Omarov o‘rtasidagi uchrashuvda qo‘shni ikki mamlakat futboli o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish, tajriba almashish va mintaqa miqyosidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘FA vakillari yurtimiz futbolida ketma-ket amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi infratuzilma rejalari, futbol ta’limi va akademiyalar tarmog‘ining kengayishi haqida ma’lumot berdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida turnir tashkil etish ishlari olib borilayotgani, Milliy futbol markazi foydalanishga topshirilgani ham alohida ta’kidlandi.
Ravshan Ermatov futbol boshqaruvida tizimli yondashuv kuchaygani, shaffoflikni ta’minlash maqsadida Hakamlar akademiyasi ishga tushirilgani, yosh referilar uchun o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgani va Milliy futbol markazida markazlashgan VAR tizimi faoliyati boshlanganini qayd etdi. Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab 14 ta hududiy futbol akademiyasi yagona metodologiya asosida ishlayotgani, futbol sohasida to‘liq raqamlashtirish tizimi tatbiq etilgani ma’lum qilindi. «FIFA Central Asian Cup» — FIFA Markaziy Osiyo kubogini tashkil etish g‘oyasi ham muhokama markazida bo‘ldi.
Qozog‘iston tomoni o‘z navbatida, futbol infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy klublar sonini oshirish, Germaniyadan tibbiyot markazlari uchun mutaxassislar jalb etish kabi ishlar ketma-ket amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Butun mamlakat bo‘ylab yangi maydonlar, xususan «arena futbol» inshootlari qurilishi boshlangani, yaqin fursatda «Atletiko» akademiyasini ochish rejalashtirilgani, homiylik tizimini kengaytirish va yoshlar tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha qadamlar izchil davom etayotgani aytildi.
Tomonlar UYEFA va FIFA bilan hamkorlikni yanada samarali davom ettirish, o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini ko‘paytirish, mutaxassislar tayyorlash dasturlarini qo‘shma tarzda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston futbol assotsiatsiyalari o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga qat’iy kelishildi.
Muxlislar uchun eng xushxabar — yoshlar va o‘smirlar termalari, shuningdek, birinchi jamoalar o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinlari soni ortadi. Bu esa yangi iste’dodlar uchun katta maydon, mintaqaviy raqobat uchun yangi ruh va stadionlarda yanada qizg‘in muhit degani.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!