date

Ravshan Haydarov: “Qozogʻistonni yutganimiz yaxshi, lekin oʻyinda savollar koʻp”

Ravshan Haydarov: “Qozogʻistonni yutganimiz yaxshi, lekin oʻyinda savollar koʻp”

Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi Qozogʻistonga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. Bellashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov oʻyin va jamoaning hozirgi holati haqida fikr bildirdi.

«Bu yoshdagi futbolchilar anchadan beri yigʻilmagan edi. Tarkibda koʻpchilikka tanish oʻyinchilar bor — ular avvalgi U-20 jamoasida ham boʻlishgan. Bu yigʻinni olimpiya yoshidagi futbolchilarga bagʻishladik. Asosiy maqsad — jamoada eski bogʻlamlarni tiklash va oʻyin uslubini qayta shakllantirish edi», — dedi Haydarov.

Murabbiyning aytishicha, jamoa gʻalaba qozongan boʻlsa-da, oʻyinda tahlil qilinishi lozim boʻlgan jihatlar koʻp:
«Ha, gʻalaba bor, lekin oʻyinda yechimini topishimiz kerak boʻlgan savollar ham kam emas. Zaxiradan tushadigan futbolchi oʻyinni kuchaytirishi shart. Zaxirada oʻtirish — yomon degani emas, aksincha, bu jamoaga faqat eng kuchlilar chaqirilganini anglatadi».

Haydarov shogirdlariga jamoaviy ruh va raqobat muhitini his qilish muhimligini taʼkidladi:
«Har bir futbolchi 3 yoki 5 daqiqa maydonda boʻlsa ham, taʼsir koʻrsatishi kerak. Biz oʻyindagi kamchiliklarni aynan Qozogʻiston bilan boʻlgan bahs orqali koʻrib oldik. Bu oʻyin biz uchun sinov va tahlil uchun yaxshi imkoniyat boʻldi».

Bosh murabbiyning soʻzlariga koʻra, jamoa keyingi oʻyinlarda faqat natijaga emas, balki oʻyin sifatiga ham eʼtibor qaratadi. Terma jamoa uchun bu yigʻin — kelgusi xalqaro musobaqalar oldidan muhim bosqich hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: “Qozogʻistonni yutganimiz yaxshi, lekin oʻyinda savollar koʻp”