Kelasi oyda Birlashgan Arab Amirliklarida qiziqarli futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Dubay shahri noyabr oyida to‘rt terma jamoa ishtirok etadigan o‘rtoqlik turniriga mezbonlik qiladi. Bu haqida ilgari xabar berilgandi, endi esa musobaqa taqvimi ham ma’lum bo‘ldi.
Turnirda Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan to‘rt davlat termalari — Eron, Misr, O‘zbekiston va Kabo-Verde ishtirok etadi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqaning ilk bahslari 13 noyabr kuniga belgilangan. Shu kuni O‘zbekiston terma jamoasi Misrga qarshi maydonga tushadi, ikkinchi o‘yinda esa Eron va Kabo-Verde termalari to‘qnash keladi.
Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, 3-o‘rin uchun bellashuv 17 noyabr kuni o‘tkaziladi. Final esa 18 noyabr kuni bo‘lib, g‘olib jamoa nomini aniqlaydi. Turnirning barcha uchrashuvlari Dubaydagi zamonaviy sport majmualaridan birida tashkil etiladi.
Bu musobaqa nafaqat terma jamoalar uchun, balki murabbiylar uchun ham muhim sinov maydoni bo‘ladi. Jamoalar o‘z tarkiblarini tekshirish, yangi taktik yechimlarni sinab ko‘rish va 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan amaldagi tayyorgarlikni baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Futbol ishqibozlari uchun esa noyabr oyidagi Dubay musobaqasi haqiqiy bayramga aylanishi kutilmoqda. Bu turnir jahon futbolida yangi iqtidorlarni kashf etishi va muxlislarga bir qator hayratlanarli o‘yinlar taqdim etishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!