date

Ispaniya terma jamoasi tarix yozmoqda: mag‘lubiyatsiz 29 o‘yinlik seriya...

Ispaniya terma jamoasi tarix yozmoqda: mag‘lubiyatsiz 29 o‘yinlik seriya...

Ispaniya terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionati saralash bosqichida navbatdagi muvaffaqiyatni qayd etdi. Luis de la Fuente shogirdlari o‘z maydonida Bolgariyaga qarshi kuch sinovidan o‘tib, raqibni 4:0 hisobida taslim etdi.

Bu g‘alaba Ispaniya terma jamoasi uchun katta ahamiyat kasb etdi. Chunki jamoa mag‘lubiyatsiz seriyasini 29 ta o‘yinga yetkazdi — bu terma jamoa tarixidagi eng uzoq rekord hisoblanadi. Mazkur ko‘rsatkich 24 g‘alaba va 5 durangdan iborat bo‘lib, ilk bor Visente del Boske boshchiligida 2010–2013-yillar oralig‘ida qayd etilgan edi.

Ispaniya so‘nggi yillarda yana o‘z an’anaviy uslubiga qaytganini ko‘rsatmoqda. Texnik va to‘p nazoratiga asoslangan “tiki-taka” uslubi yana kuchga kirdi. Jamoa hujumda o‘yinni nazorat qilmoqda, yoshlar esa yangi naslning shakllanayotganidan darak bermoqda.

Bellashuvda "Barselona" yarim himoyachisi Pedri o‘yin markazida asosiy figuraga aylandi. Uning harakatlari, to‘p bilan muomalasi va vaziyatni oldindan ko‘ra bilishi muxlislar va mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi.

O‘yindan keyin Ispaniya bosh murabbiyi Luis de la Fuente o‘z jamoasining natijasi haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu yutuq shaxsiy emas, balki jamoaviy mehnat samarasi hisoblanadi:

— Pedri ajoyib futbolchi! U boshqalar ko‘rmagan imkoniyatlarni ko‘radi. Biz Ispaniya terma jamoasining rekordini takrorladik, ammo bu mening emas, futbolchilarning yutug‘i. Ular jon kuydirib harakat qilishdi. Biz hali to‘xtamaymiz — yanada kattaroq maqsadlarga intilamiz, — dedi de la Fuente.

Mutaxassisning bu so‘zlari Ispaniyada keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Chunki terma jamoa keyingi yillarda Yevropadagi eng barqaror va tizimli jamoalardan biriga aylandi. Ularning o‘yin uslubi nafaqat natija, balki ko‘rkamlik bilan ham ajralib turibdi.

Futbol muxlislari fikricha, Ispaniya bu ruh va forma bilan jahon chempionatida asosiy favoritlardan biri bo‘lishi mumkin. Tarkibdagi yosh iqtidorlar — Pedri, Gavi, Lamine Yamal va Rodri kabi futbolchilar katta musobaqalarda jamoaga yangi energiya baxsh etmoqda.

Shunday qilib, Ispaniya jamoasi nafaqat rekordni yangiladi, balki Yevropadagi yetakchi mavqeini yana bir bor mustahkamladi. Ular uchun bu faqatgina boshlanishdek ko‘rinadi — oldinda hali katta sinovlar va yangi tarixiy yutuqlar kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ispaniya terma jamoasi tarix yozmoqda: mag‘lubiyatsiz 29 o‘yinlik seriya...