date

Vadim Abramov “Dinamo” - “Buxoro” (4:1) o‘yini haqida nimalar dedi?

Vadim Abramov “Dinamo” - “Buxoro” (4:1) o‘yini haqida nimalar dedi?

Samarqandda bayram kayfiyati futbol maydoniga ham ko‘chdi. “Dinamo” jamoasi “Buxoro”ga qarshi bahsda ishonchli 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Samarqand shahri kunini muxlislar uchun haqiqiy tantanaga aylantirdi.

Bellashuvdan so‘ng bosh murabbiy Vadim Abramov matbuot anjumanida o‘yin haqida fikr bildirdi.

“Biz o‘yinni yomon boshlamadik, hatto ilk bo‘lib gol urish imkoniyatiga ham ega edik. Raqibning standart vaziyatlarda xavfli ekanini yaxshi bilardik. Bizga bugun g‘alaba juda zarur edi — bu Samarqand shahri kuni, muxlislar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi kerak edi,” — dedi murabbiy.

Abramovning ta’kidlashicha, hisob yirik bo‘lsa-da, g‘alaba oson kelmagan:
“‘Buxoro’ jismoniy jihatdan kuchli jamoa, ular himoyada qat’iy turdi. Biz qanotlar orqali hujumni kuchaytirdik, natijada chiroyli gol kiritdik va o‘yin ochildi. Bugun terma jamoa bosh murabbiyi ham tribunada edi — shoyad futbolchilar ko‘proq g‘ayrat bilan harakat qilgandir.”

Murabbiy ayrim futbolchilarning o‘yiniga ham to‘xtaldi:
“O‘rozov ancha vaqt tanaffusda edi, shu sabab bugun o‘yini unchalik chiqmagan. Keyingi bahslarda undan yaxshiroq o‘yin kutib qolamiz,” — dedi Abramov.

Firdavs Abdurahmonov haqida u shunday dedi:
“Firdavs — Samarqand futboli mahsuloti. Bunday yoshlar bizga juda kerak. U terma jamoada ham harakat qilmoqda — bu faxr.”

Anvar Hojimirzayev haqida gap ketganda, murabbiy uni himoya qildi:
“U jamoamiz uchun ko‘p o‘yinlarda fidokorona harakat qilgan. Har doim ham omad kelavermaydi, buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.”

Marko Stanoevich haqida esa shunday dedi:
“U tajribali futbolchi, bugun ham go‘zal gol kiritdi. Jamoaga katta foyda bermoqda.”

Abramov, shuningdek, jarohatdan qaytgan Ulug‘bek Hoshimov haqida ham gapirdi:
“Ulug‘bek ancha vaqt jarohat sabab maydondan uzoq bo‘ldi. Hozir ham to‘liq forma deb bo‘lmaydi, ammo u jamoaga qaytadi, shubha yo‘q.”

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, “Dinamo” olti kundan keyingi navbatdagi bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi. Samarqandliklar uchun bu g‘alaba nafaqat ochkolar, balki shahar bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov “Dinamo” - “Buxoro” (4:1) o‘yini haqida nimalar dedi?