
“Manchester Siti”ning italiyalik darvozaboni Janluiji Donnarumma yaqinda bergan intervyusida jahon futbolidagi ikki yulduz — Erling Xoland va Kilian Mbappe haqida fikr bildirdi.
Jurnalist undan “Qaysi birini jamoangizda ko‘rgingiz kelar edi — Xolandmi yoki Mbappemi?” deb so‘raganda, Donnarumma javob berishdan avval bir oz o‘ylab qolgan.
«Erling chapaqay, shuning uchun u Kiliandan ancha farq qiladi. Ikkisiga qarshi turish juda qiyin — har biri o‘z uslubida jahon darajasidagi hujumchi. Shu sababli, ulardan birini tanlash oson emas. Ammo tanlash kerak bo‘lsa, men Xolandni o‘z jamoamda ko‘rishni xohlardim», — dedi u.
Darvozabonning bu fikri futboldagi ikkala yulduzning o‘ziga xos jihatlarini yana bir bor yodga soldi. Donnarummaning ta’kidlashicha, Xolandning jismoniy kuch va aniq zarbalari har qanday darvozabon uchun katta sinov, Mbappe esa tezlik va dribling jihatidan hali ham tengsiz.
Eslatib o‘tamiz, Janluiji Donnarumma 2021–2024-yillar oralig‘ida Parijning “PSJ” klubi sharafini himoya qilgan va o‘sha davrda Kilian Mbappe bilan bir jamoada o‘ynagan. Ular birgalikda Fransiya chempionligi va milliy kubok sovrinlarini qo‘lga kiritishgan.
Hozirgi paytda esa Donnarumma “Manchester Siti” darvozasini qo‘riqlamoqda. Uning sobiq jamoadoshi Mbappe “Real Madrid” safida, norvegiyalik Erling Xoland esa “Siti”da yetakchi forvard sifatida maydonda porlamoqda.
Hisoblar statistikasi ham ikki yulduzning joriy mavsumdagi yuqori formasini namoyon etmoqda: Xoland 15 uchrashuvda 18 ta gol urgan va 2 ta golli uzatma bergan bo‘lsa, Mbappe 15 o‘yinda 16 ta gol va 2 assist bilan jamoasi yetakchisiga aylangan.
Mutaxassislar fikricha, bu ikki hujumchi hozirgi futbol avlodi ichida gol urish samaradorligi bo‘yicha alohida mavqega ega va ular o‘rtasidagi raqobat jahon futboli uchun yangi “Messi — Ronaldu” davrini esga solmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!