date

Bahodir Jalolov Olimpiada-2028da qatnashishi mumkinmi?

Bahodir Jalolov Olimpiada-2028da qatnashishi mumkinmi?
O‘zbekiston boks bo‘yicha terma jamoasining katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning 2028-yil Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiadada ishtirok etish ehtimolini baholadi. Bu haqda Qozog‘istonning yirik sport portali “Sports.kz” ZBS Podcast YouTube kanali ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumki, Bahodir Jalolov Parij-2024dagi g‘alabasidan so‘ng professional boksga o‘tishini e’lon qilgan edi. Shunga qaramay, unga havaskorlar jamoasi eshiklari ochiq qolmoqda.

Rahmatjon Ro‘zioxunovning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi qoidalarga binoan professional sportchilar Olimpiya tsikliga qaytish huquqiga ega. Murabbiy yakuniy qaror Olimpiada yaqinlashganida, terma jamoa safidagi yosh iste’dodlarning rivoji hisobga olingan holda qabul qilinishini ta’kidladi.

Ro‘zioxunovning fikricha, agar Bahodir Jalolov bo‘lajak jahon chempionati yoki 2028-yilgi Olimpiadada qatnashishga qaror qilsa, u yana oltin medalni qo‘lga kiritishi ehtimoldan xoli emas, chunki uning hozirgi darajasi raqiblarini bemalol mag‘lub etishga imkon beradi. “Bahodir Jalolovni uchinchi Olimpiadada ko‘ramizmi yoki yo‘qmi?” degan savolga murabbiy quyidagicha javob berdi: “Ayni damda bir narsa deyish qiyin, chunki yoshlar o‘sib kelmoqda.

Uning shogirdlari bor, ular ham Olimpiadada g‘olib bo‘lishni istashadi. Ko‘p marta matbuotda aytilgan: ‘Bahodir, yoshlarga yo‘l ber’.

Agar u hozir jahon chempionatiga borsa, yutib keladi. Keyingi Olimpiadaga borsa ham, yutadi.

Biroq yakuniy qaror Olimpiadaga yaqin paytda qabul qilinadi.” Murabbiy Jalolovning qaytish yo‘li ochiqligini ham tasdiqladi: “Nega uning yo‘li yopilishi kerak? Professional sportchilarga qaytishga ruxsat berilgan.” Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov ikki karra Olimpiada chempioni (Tokio-2020, Parij-2024) bo‘lib, Parijdagi g‘alabasidan so‘ng professional boksga o‘tishini e’lon qilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov Olimpiada-2028da qatnashishi mumkinmi?