
U-17 jahon chempionati guruh bosqichi 1-turida Paragvay yoshlar terma jamoasi O‘zbekiston bilan kechgan o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi, argentinalik mutaxassis Mariano Uglessich matbuotga o‘z fikrlarini bildirdi.
“Rostini aytsam, bu o‘yindan xursandman deb ayta olmayman. Bu bizning jahon chempionatidagi ilk bahsimiz edi va biz kutgan natijani qo‘lga kirita olmadik. O‘yinda ko‘plab jihatlarni tahlil qilishimiz kerak — ayniqsa, birinchi bo‘limda jamoa o‘z ritmini topa olmadi”, — dedi Uglessich.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa o‘yinning boshidanoq raqib bosimiga duch kelgan:
“Birinchi bo‘limda hujumdagi harakatlarimiz noaniq bo‘ldi, paslarimiz aniqlikdan yiroq, taktik jihatdan ham to‘liq birlashishni uddalay olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa biroz faollashdik, bosimni oshirdik va hisobni tenglashtirish imkoniyatlariga ham ega bo‘ldik, ammo bu yetarli bo‘lmadi”.
Uglessich O‘zbekiston terma jamoasini alohida ta’riflab o‘tdi:
“Biz kuchli raqibga qarshi o‘ynadik. O‘zbekiston yoshlar jamoasi tuzilishi, intizomi va o‘yin uslubi bilan ajralib turadi. Ular rejalashtirgan vazifani a’lo darajada bajardi, bu esa ularning yaqinda Osiyo kubogida chempion bo‘lganini izohlab beradi. Ular taktik jihatdan juda puxta tayyorgarlik ko‘rgan jamoa ekani shubhasiz”.
Argentinalik mutaxassis shogirdlariga ishonch bildirib, keyingi bahslarda o‘yin sifati yaxshilanishiga umid bildirdi:
“Bizda hali oldinda yana ikki o‘yin bor. Hozirgi mag‘lubiyat biz uchun muhim saboq bo‘ldi. Raqiblarimiz kuchli, ammo biz ham jahon chempionatida o‘z so‘zimizni ayta olamiz. Hozir muhim narsa — xatolarni tahlil qilish va ularni to‘g‘rilash”.
Eslatib o‘tamiz, ushbu g‘alaba orqali O‘zbekiston terma jamoasi 3 ochko to‘plab guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Islom Ismoilov boshqaruvidagi yoshlar keyingi bahsni Irlandiyaga qarshi o‘tkazadi. Paragvay esa navbatdagi bellashuvda Panama bilan to‘qnash keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!