
Superliga 28-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Neftchi” uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan so‘ng farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida jamoa o‘yini va maydon sharoiti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Kurashga boy, juda shiddatli bahs bo‘ldi. Har ikki jamoa ham maydonda o‘zini ayamadi. Biroq shuni aytish kerakki, bugun nafaqat raqib bilan, balki maydonning holati bilan ham kurashishga to‘g‘ri keldi. Gazon sifati yaxshi emasdi, to‘p harakatidagi noaniqliklar o‘yinga ta’sir qildi. Bunday sharoitda ijodkor yoki kombinatsion futbol ko‘rsatish deyarli imkonsiz. Biz esa aynan shunday uslubda o‘ynashga o‘rgangan jamoamiz.
Shunga qaramasdan, yigitlar bor kuchini berdi. Chempionat hali yakunlanmadi, demak, har bir ochko uchun kurash davom etadi. Biz hali ham maqsadimiz uchun harakatdamiz”, — dedi murabbiy.
Jurnalistlar Levchenkodan “Buxoro” qay jihatdan noqulaylik tug‘dirgani va birinchi bo‘limda nega “Neftchi” o‘yin ritmini topa olmagani haqida ham so‘rashdi.
“‘Buxoro’ jamoasi kuchli jismoniy tayyorgarlikka ega. Ular ko‘pincha havodagi to‘plar va kuchli kurashlarga tayanadi, shunday uslubda o‘ynaydi. Shu bois ular bilan raqobat qilishda juda ehtiyot bo‘lish kerak edi. Birinchi bo‘limda biz o‘yinga kirishish va maydonga moslashish bilan ovora bo‘ldik, shu sabab harakatimiz biroz sekin kechdi. Ikkinchi taymda esa vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘yinni jonlantirdik.
Ammo bir futbolchimiz maydondan chetlatilganidan keyin ustunlikni ushlab turish oson bo‘lmadi. Shu sabab durang bilan cheklandik. Bu o‘yinda asosiy saboq — har bir daqiqada intizom va diqqatni yo‘qotmaslikdir”, — deb ta’kidladi Levchenko.
Eslatib o‘tamiz, “Neftchi” hozircha 28-tur natijalariga ko‘ra, musobaqa jadvalida “Nasaf”dan 3 ochko oldinda bormoqda. Qarshiliklar o‘z navbatida “Mash’al”ga qarshi bahsda ishtirok etadi.
Levchenkoning fikricha, chempionat so‘nggi turlarga kirib kelgani sayin har bir o‘yin nafaqat taktik jihatdan, balki ruhiy jihatdan ham sinovga aylanmoqda. “Bu bosqichda xato uchun joy yo‘q. Biz oxirigacha kurashamiz”, — dedi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!