
AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan 2026 yilgi Jahon chempionatining guruh bosqichi uchun qur’a tashlandi va O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhiga tushdi. Bizning raqiblar — Portugaliya, Kolumbiya va Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya saralash g‘olibi bo‘ladigan jamoa.
Mazkur qur’a jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov Sports.uz saytiga bergan intervyusida Fabio Kannavaro shogirdlarini kutayotgan asosiy sinov ayni paytda Kolumbiya ekanini alohida ta’kidladi.
Hamidovga ko‘ra, birinchi turdagi Kolumbiyaga qarshi o‘yin — O‘zbekiston uchun eng xavfli uchrashuv. Sababi — bellashuv Meksikada bo‘lib o‘tadi va stadionning deyarli to‘liq qismi kolumbiyalik muxlislar bilan to‘ladi. Bu esa terma jamoamizning ruhiy bosim ostida o‘ynashini anglatadi.
Sharhlovchi Kolumbiyaning o‘ta xavfli hujum chizig‘iga e’tibor qaratdi:
— Luis Dias — ayni damda dunyodagi eng kuchli pressingchi vingerlardan biri.
— Xames Rodriges — jahon chempionatlarining “syurpriz generatori”, turnirda kutilmagan super gollar muallifi.
— Luis Suares — doim gol ura oladigan, jismoniy jihatdan kuchli hujumchi.
— Jon Duran — tarkibni yanada qudratli qiladigan, tinimsiz harakatlanuvchi forvard.
Hamidovning fikricha, aynan shu uchlikning o‘ziyoq Kolumbiyani juda xavfli raqibga aylantiradi. Uning ta’kidlashicha, Portugaliyadan ko‘ra birinchi o‘yindagi Kolumbiyaga qarshi bahs ko‘proq qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
“Kolumbiya Portugaliyani ham mag‘lub etishi ehtimoldan xoli emas. Ularda Ronaldu bilan va Ronaldusiz o‘yin ssenariylari kabi muammo yo‘q. Jamoa to‘liq va muvozanatli shakllangan. Shuning uchun Kannavaro uchun asosiy sinov — birinchi tur”, — deya xulosa qildi Hamidov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.