Xalk va Pogbaning xaridi uchun sarflangan yirik mablag‘lar, APLning transfer bozorida o‘rnatgan rekordi, Ronalduning havas qilsa arziydigan daromadi, evrokuboklarning sovrin jamg‘armasi... Championat.com taqdim etgan navbatdagi ma’lumotlar 2016 yilgi eng yirik moliyaviy sarflar bilan bog‘liq raqamlarga bag‘ishlandi.
5,77 mln. funt sterling
Noyabrda jahondagi futbol klublaridagi maoshlar bo‘yicha reyting e’lon qilindi. Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashri jamoalar yulduzlarga qancha pul to‘layotganini hisoblab chiqdi. To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, maosh vedomosti bo‘yicha «Manchester Yunayted» etakchi ekani oydinlashdi: mankunianlar safida to‘p surayotgan futbolchilarning o‘rtacha ish haqi yiliga 5,77 million funt sterlingni tashkil qilar ekan. «Barselona» esa bu borada ikkinchi bo‘ldi. Funtda hisoblasak, Kataloniya klubida faoliyat yuritayotgan o‘yinchilarning yiliga o‘rtacha 5,65 million olishlari oydinlashdi. Uchinchi o‘rin «Manchester Siti»ga tegishli - 5,42 mln. Yuqori o‘ntalikdan shuningdek, «Real», «Chelsi», «PSJ», «Bavariya», «Yuventus», «Arsenal» hamda «Liverpul» o‘rin olishdi.
8,5 mln. evro
Fransiya yashil maydonlarida o‘tkazilgan Evropa chempionati yakunlariga ko‘ra, eng kam pul ishlagan terma Ukraina bo‘ldi - 8,0 mln. evro. Rossiyada esa bu ko‘rsatkich 8,5 mln.ni tashkil etdi. Tabiiyki, ukrainlarga tekkan 8 mln. evro turnirda qatnashganlik uchun berildi. Bundan tashqari, UEFA qo‘shimcha tariqasida har bir durang uchun 0,5 mln., chorak finalchilarga 2,5 mln., yarim finalchilarga 4 mln., finalchiga 5 mln. hamda g‘olibga 8 mln. evro ajratdi. Portugaliya termasi Evro-2016da hammadan ko‘p ishlab, o‘z mamlakati federasiyasi g‘aznasini 25,5 mln. evroga boyitdi.
83,8 mln. evro
O‘tgan galgi evromavsumni to‘liqligicha hisoblab chiqilsa, Chempionlar Ligasida daromad ko‘rish bobida «Manchester Siti» (83,8 mln.), «Real» (80 mln.) hamda «Yuventus» (76,2) etakchilik qilishdi. Evropa Ligasida esa «Liverpul» 37,8 mln. ishladi.
55,8 mln. evro
«Zenit» futbolchisi Xalkning 55,8 mln. evro evaziga «Shanxay SIPG» klubiga o‘tishi ham Rossiya, ham Xitoy chempionatidagi eng qimmat transferga aylandi. Sankt-Peterburg jamoasi 2012 yili braziliyalik hujumchiga sarflagan pullarini qaytargan bo‘lsa, Xalk ayrim manbalarga ko‘ra, 20 mln. evroga teng yillik maosh borasida kelishuvga erishdi. «Shanxay SIPG» ushbu xariddan Osiyo Chempionlar Ligasida unumli foydalanishni maqsad qilgandi. Biroq Xalk Chin yurtidagi ilk mavsumida klubiga yordam berolmadi. Qolaversa, u jarohatlar tufayli Xitoy superligasining aksariyat o‘yinlarini o‘tkazib yubordi. Bor-yo‘g‘i ettita bahsda maydonga tushib, 4ta gol urdi.
82 mln. dollar
Forbes jurnali 2015|2016 yillar mavsumi yakunlariga ko‘ra, eng serdaromad futbolchilar reytingini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, eng katta foydani «Real» klubi hamda Portugaliya termasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu ko‘rgan. Dollarda hisoblaganda, uning daromadi 82 mln.ga teng: maosh va bonuslar - 53 mln., reklama shartnomalari - 29 mln. «Oltin to‘p» sohibidan keyingi o‘rinni uning azaliy raqibi Lionel Messi (77 mln. dollar: maosh va bonuslar - 51 mln., reklamalardan - 26 mln.) egalladi. Kuchli uchlikni 37 mln. dollarlik (maosh va bonuslar - 30 mln., reklamalardan - 7 mln.) ko‘rsatkich bilan Zlatan Ibragimovich yakunlab berdi. Keyingi yozda ushbu reytingdagi summalar jiddiy ravishda o‘sishiga shubha yo‘q.
105 mln. evro
«Manchester Yunayted» 2016 yili bir o‘yinchiga sarflangan transfer summasi borasida jahon rekordini o‘rnatdi. Mankunianlar «Yuventus» klubi va Fransiya termasi yarim himoyachisi Pol Pogba uchun 105 mln. evro to‘lashdi. Qo‘shimchasiga Turin jamoasi bonus sifatida 5 mln. olishi mumkin. Bunga qadar rekord «Real»ga tegishli edi: madridliklar 2013 yili Garet Beylni o‘z saflariga qo‘shib olish uchun «Tottenxem»ga 101 mln. evro to‘lashgandi. Yuqorida qayd etilgan transferga o‘zgachalik baxsh etib turgan jihat shundaki, to‘rt yil oldin aynan «MYu»da to‘p surgan Pogba «Yuventus»ga erkin agent sifatida o‘tgandi. Fransiyalik futbolchining agenti Mino Rayola mijozining jamoa almashtirishi natijasida 27 mln. evro ishlab oldi.
1 mlrd. funt sterling
O‘tgan yozda Angliya premer-ligasi klublari birgalikda transfer bozorida yangi rekord o‘rnatishdi - yangi o‘yinchilar uchun umumiy hisobda 1 mlrd. funt sterling sarflandi. Yuqorida ta’kidlanganidek, «Manchester Yunayted» Pogba uchun 105 mln. evro, funtga o‘girganda - 89,25 mln. ajratdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar «Manchester Siti» xaridlariga ataldi: «shaharliklar» Jon Stounzni tarkibga qo‘shib olish uchun «Everton»ga 47,26 mln. funt sterling (55,60 mln. evro) berishgan bo‘lsa, «Shalke»ning hujumkor yarim himoyachisi Leroy Sane uchun 42,50 mln. funt sterling (50 mln. evro) to‘lashdi. Aynan Manchesterning ikki klubi APL vakillari orasida eng saxiy bo‘lishdi: «MYu» 157 mln., «Man Siti» esa 153 mln. funt sterling sarfladi.
5 mlrd. tomoshabin
Nihoyat, futboldagi eng muhim shaxslar - ishqibozlar haqida. 2016 yilning yozida Evropa chempionatini kuzatgan tomoshabinlar umumiy auditoriyasi deyarli 5 mlrd. kishiga etdi. Evro-2016 tashkilotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, avvalgi turnir bilan solishtirganda, muxlislar auditoriyasi 1,1 mlrd. tomoshabinga ko‘paydi. Bu esa asosan, final bosqichi qatnashgan jamoalar sonining ortishi bilan bog‘liq. Portugaliya va Fransiya terma jamoalari ishtirokidagi finalni televidenie orqali 600 mln. kishi tomosha qildi.
O‘.UMAROV tayyorladi
Manba:Interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Yangi Zelandiyada maori qabilasi oqsoqolining portreti auksionda rekord narxda sotildi
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Bayden Ukraina uchun Kongressdan yashirincha 24 mlrd dollar so‘radi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
Milliarder Stiv Jobsning dunyoqarashingizni o‘zgartirib yuboradigan odatlari
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatdi. Nimalarga kelishildi?