
Qatar maydonlarida o‘tayotgan Arab kubogida hal qiluvchi pallalar boshlandi. Turnirning yarimfinal bosqichi muxlislarga keskin kurashlar va aniq natijalarni taqdim etmoqda. Ilk yarimfinal uchrashuvida Marokash milliy jamoasi Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi maydonga tushib, raqibini javobsiz uchta gol bilan mag‘lub etdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv davomida Marokash to‘liq ustunlik qildi. Hisob 28-daqiqada Al Berkaui tomonidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda BAA jamoasi o‘yinni saqlab qolishga uringan bo‘lsa-da, oxirgi daqiqalarda marokashliklar yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 83-daqiqada Al Mahdiu hisobni yiriklashtirgan bo‘lsa, qo‘shimcha daqiqalarda Hamidulloh bahsga nuqta qo‘ydi — 3:0.
Arab kubogi. Qatar. Yarimfinal
Marokash — BAA 3:0
15 dekabr, «Xalifa» xalqaro stadioni
Gollar: Al Berkaui (28), Al Mahdiu (83), Hamidulloh (90+2).
Shu tariqa, Marokash jamoasi turnir davomidagi barqaror va ishonchli o‘yinini yana bir bor namoyish etib, Arab kubogi finaliga ilk bo‘lib yo‘l oldi.
Ikkinchi yarimfinal bahsi esa bugun, 15-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Saudiya Arabistoni va Iordaniya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da start oldi va finalga chiqadigan ikkinchi jamoa aynan shu bahsda aniqlanadi.
Ma’lumot uchun, Arab kubogining hal qiluvchi o‘yinlari 18-dekabr kuniga belgilangan. Shu kuni final hamda 3-o‘rin uchun bahslar o‘tkaziladi. Qatardagi musobaqa esa kundan kunga qiziqarli tus olib, muxlislarning e’tiborini o‘ziga tortishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.