date

Gvardiola g‘alabadan so‘ng futbolchilari haqida nimalar dedi?

Gvardiola g‘alabadan so‘ng futbolchilari haqida nimalar dedi?

Angliya Liga kubogi doirasida «Manchester Siti»ning «Brentford» ustidan 2:0 hisobida qozongan g‘alabasi jamoani yarim finalga olib chiqdi. Uchrashuvdan keyin «shaharliklar» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘yin, futbolchilarning harakati va ayrim muhim lahzalar haqida atroflicha fikr bildirdi.

Ispaniyalik mutaxassis, avvalo, uchrashuvda faolligi bilan ajralib turgan Savino haqida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, braziliyalik futbolchining eng kuchli jihati — tinimsiz harakat va oldinga intiluvchanlikdir. Gvardiolaning fikricha, Savino har doim hujumga yuzlanadi, to‘xtab qolmaydi va jamoa o‘yiniga dinamika olib kiradi. Ha, yakuniy qarorlarda ba’zan kamchiliklar bor, ammo mehnatkashlik va agressiv uslub uning asosiy ustunligidir.

Murabbiy Savinoni Jeremi Dok-u bilan qiyoslab, jamoaning so‘nggi mavsumlarda qanotlardan foydalanish uslubi o‘zgarganini ham qayd etdi. Ayrim bahslarda sof qanot futbolchilarisiz o‘ynayotganiga qaramay, Savinoga ishonch yuqori ekanini aytdi. Uning o‘ng va chap qanotda birdek harakat qila olishi, yoshi yosh bo‘lishi va o‘ziga xos jangovor xarakteri kelajakda katta o‘sish va’da qilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda hisobni ochgan Rayan Sherkining goli haqida esa Gvardiola qisqa, ammo aniq fikr bildirdi. Ushbu zarbani murabbiy «fantastik» deb atab, bunday gollarni baholash uchun mutaxassis bo‘lish shart emasligini, maydondagi har bir inson buning naqadar chiroyli ijro ekanini his qilganini aytdi:

— “U fantastik gol urdi. Buni tushunish uchun na jurnalist, na murabbiy bo‘lish shart — bu juda chiroyli gol edi. Oldin Fil Foden bilan ham shunday gollarni ko‘rganmiz.”

Darvozabon Jeyms Trafford ham Gvardiolaning e’tiboridan chetda qolmadi. U darvozada faqat darvozabon o‘ynashi kerakligini ta’kidlar ekan, Traffordga berilgan imkoniyat bejiz emasligini bildirdi. Murabbiy uni yuqori darajadagi golkiper deb hisoblashini va jamoada har bir futbolchiga ishonch bildirishni muhim deb bilishini ochiq aytdi.

— “Darvozada faqat darvozabon o‘ynaydi — u chap himoyachi bo‘la olmaydi. Hozir bu pozitsiyada Donnarumma maydonga tushmoqda, ammo bugun Traffordga imkon berdim. U yuqori darajadagi darvozabon. Men hammaga imkon berishni xohlayman.”

Shuningdek, Gvardiola Riko Lyuis, Abduqodir Husanov, Natan Ake va Mukasaning harakatlaridan mamnun ekanini alohida qayd etdi. Ularning o‘yini jamoaviy tizimga mos kelgani va vazifalarni a’lo darajada bajargani ta’kidlandi.

— “Bugun Riko, Husanov, Natan va Mukasa juda yaxshi harakat qilishdi. Ularning o‘yinidan mamnunman.”

O‘yin davomidagi ayrim muammolarga to‘xtalar ekan, murabbiy dastlabki 10–15 daqiqada pressing yetarlicha qattiq bo‘lmaganini tan oldi. Biroq keyinchalik Oskar Bobb va Savinoning harakatlari orqali o‘yin nazorat ostiga olinganini aytdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar esa o‘yinga yangi sur’at va ta’sir olib kirgan.

Oskar Bobbning jarohati masalasida Gvardiola ehtiyotkorlik bilan fikr bildirdi. U futbolchi mushakda og‘riq sezganini, ehtimol son orqa mushagidan jarohat olganini aytdi va uning tezroq safga qaytishidan umidvor ekanini bildirdi.

Abduqodir Husanov bilan bog‘liq ehtimoliy qizil kartochka epizodi esa murabbiy tomonidan yumor bilan izohlandi. Gvardiola «ertaga mashg‘ulotda uni qahvaga taklif qilib, shu haqda gaplashib olamiz», deya hazilomuz tarzda javob berdi.

Shu tariqa, «Manchester Siti» yana bir bor yarim finalga chiqdi. Gvardiola esa jamoaning umumiy harakati, zaxiradagi futbolchilarning ta’siri va g‘alaba uchun qilingan mehnatdan qoniqishini yashirmadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola g‘alabadan so‘ng futbolchilari haqida nimalar dedi?