date

Saudiya valiahd shahzodasi “Barselona”ni 10 milliard yevroga sotib olmoqchi


El Chiringuito TV jurnalisti Fransua Galyardo tarqatgan xabarga ko'ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon “Barselona”ni 10 milliard yevroga sotib olish bo'yicha taklif tayyorlamoqda. Gap millionlar haqida emas, aynan milliardlar haqida ketmoqda.

Bu raqam futbol olamida ham nihoyatda katta ko'rsatkich sanaladi. Biroq masala shunchaki klubni xarid qilishda emas.

“Barselona” Kataloniya ramzi, ko'p yillik tarix, Chempionlar ligasi sovrinlari, Lionel Messi va Yoxan Kroyf kabi afsonalar, shuningdek, o'zini oddiy muxlis emas, klubning hamegasi deb biladigan minglab sosiolar bilan bog'liq hodisadir. Endi esa kimdir bularning barchasini bitta chek evaziga sotib olmoqchi.

Saudiya Arabistoni so'nggi yillarda sport bozorida yirik o'yinchiga aylandi. 2021 yilda Muhammad ibn Salmon boshchiligidagi Davlat investitsiya jamg'armasi orqali “Nyukasl Yunayted” nazorat paketi qo'lga kiritildi.

Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema va Neymar kabi yulduzlar mahalliy liga tomon Yevropada tasavvur qilish qiyin bo'lgan shartlar evaziga yo'l oldi. 2034 yilgi Jahon chempionati mezbonligi ham qirollikka biriktirilgan.

Endi nishonda Yevropa futbolining eng yirik grandlaridan biri turibdi. “Barselona”ning hozirgi moliyaviy holati og'ir: klubning qarzi 2,5 milliard yevroga baholanmoqda.

Kataloniyaliklar yillar davomida moliyaviy inqiroz yoqasida yashab kelmoqda: aktivlar sotildi, “moliyaviy richaglar” ishga tushirildi, futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish uchun turli yechimlar izlandi. Klub prezidenti Joan Laporta 2026 yildagi saylovda yana nomzodini qo'ymasligini ochiq aytgani ham e'tiborni tortadi.

Bunday bayonot odatda ortda jiddiy jarayonlar borligidan dalolat beradi. 10 milliard yevrolik taklif barcha qarzlarni yopishi, ustiga-ustak transfer bozorida bir necha oynani cheklovlarsiz o'tkazish imkonini ham berishi mumkin.

Biznes nuqtayi nazaridan bu kelishuv klub uchun “qutqaruv halqasi” bo'lib ko'rinadi. Biroq asosiy to'siq bor: sosiolar.

Klubning 100 mingdan ortiq ro'yxatdan o'tgan a'zosi bor va ular saylovlarda ovoz beradi hamda strategik qarorlarni qabul qilishda hal qiluvchi kuch sanaladi. “Barselona” bitta boy homiyga tegishli emas, u a'zolar jamoasiga qarashli.

Shu jihatdan u milliarderlarga va investitsiya fondlariga oson sotiladigan zamonaviy futbol davrida “xalq klubi” g'oyasining so'nggi qal'alaridan biri sifatida ko'riladi. Klubni sosiolar roziligisiz sotish amalda mumkin emas.

Nazariy jihatdan klubning ayrim tijoriy yo'nalishlarini alohida sotib olish yoki ularga sarmoya kiritish yo'li bo'lishi mumkin, biroq bu klubning o'zini xarid qilish emas, faqat uning bir qismiga investitsiya kiritish bo'ladi. Kataloniyaliklar uchun Mes que un club, ya'ni “Klubdan ham ulug'” shiori oddiy so'z emas, o'ziga xoslikning bir qismidir.

Bir kuni ertalab “endilikda klub egasi saudiyalik shahzoda” degan e'lon yangrasa, “Kamp Nou”dagi munosabat oddiy norozilik bilan cheklanmasligi, keskin qarshilikka aylanishi mumkin. Shu bilan birga, zamonaviy futbol qoidalari o'zgarmoqda.

“Manchester Siti” BAA shayxiga tegishli bo'lib, so'nggi yillarda deyarli hamma sovrinlarni yutib kelmoqda. “Pari Sen-Jermen” Qatar loyihasiga aylangani ortidan Chempionlar ligasida finalgacha yetib bordi va uni yutgan jamoaga ham aylandi.

Bu misollar futbolning hozirgi manzarasida katta mablag' ko'p narsani hal qilishini ko'rsatadi. Agar saudiyalik kapital “Barselona”ga kirsa, klub bir necha mavsum ichida Yevropa cho'qqisiga qaytishi ehtimoli bor.

Ammo savol narxda: “Barselona” har doim kuboklardan ham ko'proq ma'noni anglatgan. Bu tarix, tamoyillar va ruhga ega klub.

Hozircha gap faqat bitta jurnalist keltirgan mish-mishlar haqida bormoqda. Shunga qaramay, XXI asr futbolida bunday xabarlar ko'pincha tez orada real jarayonga aylanib ketadi.

Sosiolar tanlov oldida qolishi mumkin: moliyaviy chuqurlikdan chiqish uchun katta pulni qabul qilishmi yoki g'oyani himoya qilib, qarzlar bilan yashashda davom etishmi? Romantika pragmatizmga qarshi, an'analar milliardlarga qarshi.

Ayni paytda “Barselona” La Ligada 43 ochko bilan peshqadam. Maydonda hammasi joyida ko'rinadi.

Biroq sahna ortida klub taqdirini butunlay o'zgartirishi mumkin bo'lgan drama pishib yetilishi ehtimoli bor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Saudiya valiahd shahzodasi “Barselona”ni 10 milliard yevroga sotib olmoqchi