
Qarshining Nasaf klubi muxlislarini quvontirgan yangilikni rasman e’lon qildi. Jamoaning asosiy darvozaboni, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduvohid Ne’matov bilan amaldagi shartnoma yana bir mavsumga uzaytirildi. Tomonlar 1 yillik yangi kelishuvga qo‘l qo‘yishdi.
Klub matbuot xizmati tarqatgan xabarda ta’kidlanishicha, «Nasaf»ning ishonchli posboni o‘z o‘rnida qolmoqda. Seyvlari, muhim o‘yinlarda jamoani qutqarib qolgan epizodlari, hatto gollari bilan ham muxlislar qalbidan chuqur joy olgan darvozabon yangi mavsumda ham jamoa sharafini himoya qiladi.
Abduvohid Ne’matov so‘nggi yillarda «Nasaf»ning eng barqaror futbolchilaridan biriga aylandi. Uning maydondagi xotirjamligi, o‘yinni o‘qish qobiliyati va mas’uliyatli daqiqalardagi ishonchli harakatlari jamoaning ko‘plab muvaffaqiyatlarida hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shu bois klub rahbariyati uni saqlab qolishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rdi.
Klub xabarida darvozabonga alohida tilaklar ham yo‘llandi: «Abduvohidjon, klubimiz bilan birga yana ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishingni tilaymiz. Yorqin o‘yinlaring bilan muxlislarni xursand qilishda davom et!»
Yangi shartnoma — bu «Nasaf»ning kelasi mavsum oldidan barqarorlikka qaratilgan qadami. Muxlislar esa yaxshi biladi: qo‘rg‘on ishonchli bo‘lsa, katta maqsadlar haqida bemalol o‘ylash mumkin.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.