«Al Ittihod» – «Nasaf» uchrashuvi boshqa stadionda o‘tkaziladi

Elit Osiyo Chempionlar ligasining 6-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan Al Ittihod – Nasaf bellashuvi o‘tkaziladigan maydon o‘zgartirildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni klubi rasmiy bayonot bilan ma’lum qildi.
Dastlab Jidda shahridagi shahzoda Abdulloh al-Faysal stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bahs endilikda shu shaharda joylashgan zamonaviy «Qirol Abdulloh Al-Inmaa» stadionida bo‘lib o‘tadi. Qaror tashkiliy sabablarga ko‘ra qabul qilingani ta’kidlanmoqda.
Guruh bosqichi doirasidagi ushbu uchrashuv 23 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da start oladi. Saudiyaliklar o‘z uyida muhim ochkolar uchun kurash olib borishni rejalashtirgan.
Ayni paytda «Al Ittihod» Elit Osiyo Chempionlar ligasi jadvalida 6 ochko jamg‘argan holda 8-o‘rinni egallab turibdi. «Nasaf» esa hozircha ochko qo‘lga kirita olmagan va guruhning quyi pog‘onasida joylashgan.
Qayd etish joiz, saudiyalik klub mahalliy musobaqalardagi tanaffusdan unumli foydalangan. Jamoa BAAning Dubay shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazib, ikki o‘rtoqlik uchrashuvida ishonchli g‘alabalar qayd etdi. Ilk bahsda «Palm Siti» 6:0 hisobida mag‘lub etilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda «Galf Yunayted» ustidan 5:0 hisobida zafar quchildi.
Bu holat «Al Ittihod»ning «Nasaf»ga qarshi o‘yinga yuqori ruh va yaxshi tayyorgarlik bilan chiqishini ko‘rsatadi. Muxlislarni esa qiziqarli va keskin bahs kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!