
Angliya futbolida navbatdagi katta transferning konturlari yaqqol ko‘rina boshladi. "Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola klubning yaqin orada amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan navbatdagi yirik xaridiga shaxsan rozilik berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “shaharliklar” "Bornmut" safida to‘p surayotgan vinger Antuan Semenoni o‘z safiga qo‘shib olishga juda yaqin turibdi. Seshanba kuni ushbu transfer bo‘yicha muzokaralar yanada jadallashgani haqida xabarlar tarqaldi.
Taniqli insayder Fabritsio Romanoning qayd etishicha, kelishuv muhokamalarida Gvardiolaning o‘zi ham bevosita ishtirok etgan. Ispaniyalik mutaxassis 25 yoshli hujumkor futbolchini jamoaga olib kelish g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Aytilishicha, mazkur transfer tashabbusi dastlab klubning sport direktori Ugu Viana tomonidan ilgari surilgan.
Manbalarga ko‘ra, Semenoni “Manchester Siti”ga olib kelish taxminan 75 million yevroga baholanmoqda. E’tiborli jihati — bitimni 10-yanvargacha yakunlash talab etiladi. Chunki aynan shu sanaga qadar futbolchining belgilangan tovon puli amal qiladi.
Agar ushbu transfer rasmiylashsa, “Siti” hujum chizig‘i yanada tezkor, texnik va raqobatbardosh ko‘rinish oladi. Gvardiola esa navbatdagi universal va zamonaviy o‘yinchi bilan taktik variantlarini kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi. Qisqasi, yanvar oyi “shaharliklar” uchun juda qiziq o‘tishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.