
Angliya milliy terma jamoasi hamda «Kristal Pelas» klubi himoyachisi Mark Gexi kelajagi borasida muhim qaror qabul qilgani aytilmoqda. Ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi «Liverpul» klubi bilan oldindan kelishuvga erishgan.
Tribal Football nashri yozishicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv kelasi yil yozida kuchga kirishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, 25 yoshli himoyachi mersisaydliklar safiga tekin transfer asosida qo‘shilishi ehtimoli bor. Sababi — Mark Gexining «Kristal Pelas» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil iyun oyi oxirida o‘z yakuniga yetadi.
Gexi 2021 yil yozidan buyon «burgutlar» sharafini himoya qilib kelmoqda va jamoaning asosiy ustunlaridan biriga aylangan. Uning bozor qiymati hozirgi kunda 55 million yevro atrofida baholanmoqda, bu esa «Liverpul» uchun juda katta foyda degani.
Joriy mavsumda Angliya Premer-ligasida Mark 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta golli uzatma bilan jamoasiga hissa qo‘shdi. Universal himoyachi sifatida tanilgan futbolchining tajribasi va barqaror o‘yini «Liverpul»ning yangi loyihasiga juda mos kelishi ta’kidlanmoqda.
Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, Mark Gexi kelasi mavsumda «Enfild»dagi eng qiziqarli transferlardan biriga aylanishi mumkin. Muxlislar esa himoya chizig‘iga qo‘shimcha kuch kelishiga umid bilan qaramoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.