
Parijliklar Luis Enrikeni butun umrga bog‘lab qo‘ymoqchi. Ispaniyaning AS nashri xabar berishicha, «PSJ» rahbariyati 55 yoshli murabbiy bilan umrbod shartnoma tuzish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Futbol tarixida bu murabbiy bilan tuziladigan ilk shunday kelishuv bo‘lishi mumkin. Bu sof fantastikadek eshitiladi, biroq 2025 yilda qo‘lga kiritilgan olti sovrindan keyin bunday g‘oya endi unchalik ham telbalik bo‘lib ko‘rinmayapti.
Shayx Nosir Al-Xelayfiy Enrikeni «ideal» murabbiy deb ataydi. Klub tarixdagi eng qimmat kelishuvni — muddatsiz shartnomani taklif qilishga tayyor.
Savol shundaki, bunday taklifning o‘zi ispaniyalikka kerakmi? 2023 yil yozidan beri «PSJ» «Barselona»ning sobiq bosh murabbiyi qo‘l ostida to‘qqizta sovrin yutdi: Fransiya chempionati — ikki marta, Kubok — ikki marta, mamlakat Superkubogi — ikki marta, Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Qit’alararo kubok.
Faqat 2025 yilning o‘zida olti trofey — bu 2009 yilgi «Barselona» hamda 2020 yilgi «Bavariya» rekordining takrorlanishi. Enrike France Football va FIFA talqinlariga ko‘ra yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Mbappe «Real»ga ketganidan keyin Enrikeninng «PSJ»si shunchaki omon qolmadi — yanada gullab-yashnadi. Yosh futbolchilar Dembele («Oltin to‘p» sohibi) va Safonov (FIFA rekordi: «Flamengo»ga qarshi finalda ketma-ket to‘rtta penaltini qaytargan) jahon darajasidagi yulduzlarga aylandi.
Enrikeninng amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Klubdagilar fikricha, uzoq muddatli rejalarni amalga oshirish uchun bir yarim yil juda kam.
Ispaniyalik mutaxassis asosiy qarorlarning barchasida to‘liq vakolat oldi va bu formula muammosiz ishlayapti. Dohadagi triumfdan keyin parijlik rahbarlar misli ko‘rilmagan taklif haqida jiddiy o‘ylab qoldi.
Biroq AS ta’kidlashicha, Enrikeni umrbod shartnomaga ko‘ndirish oson bo‘lmaydi. Mutaxassis o‘z lavozimidan mamnun, loyiha to‘g‘riligiga ishonadi, ammo umrbod kelishuv — ma’lum ma’noda erkinlikni cheklash.
Bu besh, o‘n, o‘n besh yildan keyin ham hamma tomonlar manfaatlari o‘z o‘rnida qolishiga tikilgan garovdir. Futbol tarixida murabbiylar bilan umrbod shartnomalar hali bo‘lmagan.
Hatto afsonaviy Aleks Fergyuson ham «Manchester Yunayted»da oddiy shartnomalar asosida ishlagan, garchi ularni qayta-qayta uzaytirgan bo‘lsa-da; xuddi shunday — Arsen Venger «Arsenal»da. Umrbod shartnomalar odatda bosh direktorlar va prezidentlarga xos, maydondagi «qo‘mondonlar»ga emas.
«PSJ» kashshof bo‘lishi mumkin. Yoki shunchaki an’anaviyroq shartlarda uzaytirish bo‘yicha muzokaralar oldidan axborot to‘lqinini yaratmoqda.
Chunki shartnomani tuzish imkoniyati bilan real imzo orasidagi masofa juda katta. Enrike buni yaxshi tushunadi: bugun sen olti sovrin bilan qahramonsan, ertaga esa ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin ishdan ketishing mumkin.
Futbol hatto daholarga ham shafqatsiz. Agar bitim amalga oshsa, bu bozorni larzaga keltiradi.
Har bir top-klub o‘z murabbiyi uchun shunga o‘xshash shartnomalar haqida o‘ylay boshlaydi. Yoki aksincha: hamma buni blef, oddiy besh yillik kelishuvni «chiroyli o‘rash» ekanini anglab yetadi.
Hozir ispaniyalik mutaxassis jamoasi barqaror, yosh va ambitsiyali. Enrike eski andozadagi superyulduzlarsiz ham ishlaydigan tizimni qurdi.
Vaqt ko‘rsatadi. Bir narsa aniq: Enrike davrida «PSJ» o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda va bundan voz kechishni hech kim istamaydi — na shayx Al-Xelayfiy, na muxlislar, na, chamasi, murabbiyning o‘zi.
Gap faqat shunda: ikki tomon qanchalik uzoqqa borishga tayyor va futbol muddatsiz kelishuvlarning yangi davriga qanchalik tayyor. Arman Tigranyants
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.