Luis Enrique: PSJ ham, Arsenal ham gʻalabaga loyiq emas edi

PSJ bosh murabbiyi Luis Enrique Chempionlar ligasi finalidagi gʻalabadan soʻng kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Budapeshtdagi "Pushkash Arena"da kechgan bahsda parijliklar 120 daqiqalik 1:1 hisobidan soʻng, penaltilar seriyasida 4:3 hisobida zafar quchib, Yevropa taxtini oʻzida saqlab qoldi. Biroq ispaniyalik mutaxassis oʻyin saviyasidan toʻliq qoniqmaganini yashirmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Luis Enrique oʻyin juda ogʻir oʻtganini taʼkidladi. "Penaltilar seriyasini xotirjam kuzatdim. Bu juda qiyin va azobli oʻyin boʻldi. Toʻgʻrisini aytsam, bugun hech bir jamoa gʻalabaga loyiq emas edi. Ammo butun mavsum davomidagi mehnatimizni tahlil qilsam, ikkinchi marta Chempionlar ligasi kubogini qoʻlga kiritishga haqli edik", — dedi murabbiy.
Final bahsi taktik kurashlarga boy oʻtdi. Mikel Arteta boshchiligidagi Arsenal chuqur himoyaviy blok oʻrnatib, PSJning hujumkor harakatlarini cheklab qoʻydi. Luis Enrique birinchi boʻlimda raqib himoyasini yorib oʻtishda qiynalganini, biroq tanaffusdan keyingi oʻzgarishlar oʻz samarasini berganini tan oldi. Arsenal himoyachisi Gabriel tomonidan yoʻllangan soʻnggi noaniq penalti parijliklarga chempionlikni taqdim etdi.
Murabbiyning kamtarligiga qaramay, PSJ yarim himoyachisi Joao Neves raqibning taktikasi haqida keskinroq fikr bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Arsenal oʻyin davomida atigi 24,7 foiz egalik bilan rekord darajadagi past koʻrsatkich qayd etgan. "Bugun biz gʻalabaga loyiq edik, chunki maydonda faqat PSJ futbol oʻynashni xohladi", — deya qoʻshimcha qildi 21 yoshli futbolchi.
Ketma-ket ikkinchi bor nufuzli sovrinni qoʻlga kiritgan Luis Enrique endi jamoa bilan bayram qilish va hordiq chiqarish vaqtini rejalashtirmoqda. Futbolchilar esa milliy terma jamoalar ixtiyoriga yoʻl olishadi. PSJ bu yozni Yevropa qiroli sifatida koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazadigan boʻldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!