Luis Enrique uslubi: Rafinha murabbiyning "harbiycha" mashgʻulotlari haqida

Jahon futbolidagi eng talabchan murabbiylardan biri hisoblangan Luis Enrique oʻzining oʻta qatʼiy va shafqatsiz uslublari bilan tanilgan. Barselona va PSJ klublarining sobiq yarim himoyachisi Rafinha ispaniyalik mutaxassis qoʻl ostidagi mashgʻulotlar qanchalik ogʻir boʻlganini ochiqladi. Braziliyalik futbolchi Luis Enrique bilan ham Selta, ham Barselona jamoalarida birga ishlagan boʻlib, murabbiyning jismoniy tayyorgarlikka boʻlgan yondashuvini "aqldan ozish" deb taʼrifladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Rafinha murabbiyning Barselona asosiy jamoasidagi birinchi yiliga tushib qolmaganidan xursandligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytdagi mashgʻulotlar haqiqiy harbiy tayyorgarlikni eslatgan. "Men uning ikkinchi yiliga toʻgʻri kelganimdan omadliman. Birinchi yili togʻlar, tinimsiz jismoniy mehnat... bu shunchaki daxshat edi. Akam menga hammasini aytib bergan, bu xuddi armiyadagi mashqlardek boʻlgan", — deydi futbolchi.
Luis Enrique bunday ogʻir yuklamalarni jamoasi oʻyinning soʻnggi daqiqalarida raqibdan ustun boʻlishini taʼminlash uchun joriy qilgan. Rafinha murabbiyning falsafasini shunday eslaydi: "U doim aytardi: 'Agar men xohlagan jismoniy darajaga chiqsangiz, 70-daqiqada hamma charchab toʻxtaganida, biz yuqori tezlikda davom etamiz'. Va bu aynan u aytganidek ish berardi".
Jismoniy bosimdan tashqari, Luis Enrique oʻzining ochiqchasiga aytiladigan tanqidlari bilan ham mashhur. U futbolchilarning yuziga kamchiliklarini aytishdan hech qachon qochmagan. Rafinha murabbiyning "Siz daxshatli oʻynayapsiz, bundan ancha yaxshiroq harakat qilishingiz kerak, bu ketishda hech narsaga erisholmaymiz" kabi keskin tanbehlari jamoani doimo uygʻoq tutishini taʼkidladi.
Garchi murabbiyning uslubi oʻta qattiqqoʻl boʻlsa-da, Rafinha uning oʻyinni tushuntirish qobiliyatini yuqori baholadi. Uning fikricha, Luis Enrique gʻoyalarini juda aniq va tushunarli yetkazib bera oladigan mutaxassisdir. Murabbiy va futbolchilar oʻrtasidagi bunday keskinliklar esa Barselona kabi katta klublarda muvaffaqiyatga erishish uchun zaruriy omil boʻlib xizmat qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!