date

Gvardiola ochiqladi: «Siti» inqirozdan qachon chiqdi?

Gvardiola ochiqladi: «Siti» inqirozdan qachon chiqdi?

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoasi o‘yinidagi salbiy palla qachon ortda qolgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. 27 dekabr kuni «shaharliklar» Angliya Premer-ligasining 18-turida safarda «Nottinghem Forest»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va shu bilan o‘zining yaxshi formasi tasodif emasligini yana bir bor isbotladi.

Qizig‘i, o‘tgan mavsumning 28-turida aynan «Forest» o‘z maydonida Gvardiola jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan va o‘sha o‘yin «Siti» uchun og‘ir pallaning bir qismi sifatida esda qolgandi. Bu gal esa vaziyat mutlaqo boshqacha tus oldi — jamoa maydonda ishonch, sabr va g‘alabaga chanqoqlik bilan harakat qildi.

Gvardiolaning ta’kidlashicha, burilish nuqtasi AQSHda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin kuzatilgan.

«Bu juda muhim davr bo‘ldi. Hamma narsa AQSHdagi klublar jahon chempionatidan keyin o‘zgardi. Biz o‘sha paytda barcha jihatlarni chuqur tahlil qildik, ko‘p muloqot qildik va muhim qarorlar qabul qildik. Hozir bu jarayon izchil davom etyapti», — dedi ispaniyalik mutaxassis.

Gvardiola jamoadagi o‘zgarishlar faqat natijalarda emas, balki futbolchilarning ruhiyatida ham yaqqol sezilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maydondagi tana tili, gollardan keyingi his-tuyg‘ular, muxlislar bilan aloqa — bularning barchasi jamoa qayta jonlanayotganidan dalolat beradi.

«Muxlislar bizning haqiqatan ham kurashayotganimizni ko‘ryapti. Bu esa eng asosiy jihat», — dedi Gvardiola.

«Nottinghem Forest» ustidan qozonilgan navbatdagi g‘alabadan keyin «Manchester Siti»ning Premer-ligadagi g‘alabalar seriyasi olti o‘yinga yetdi. Bu holat jamoa inqirozni ortda qoldirgani va yana chempionlik poygasida jiddiy kuchga aylanganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola ochiqladi: «Siti» inqirozdan qachon chiqdi?