Nodirbek Abdusattorov 2025 yilda sovrin pullaridan 350 ming dollardan ortiq daromad oldi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov yil davomida qo‘lga kiritilgan sovrin pullari miqdori bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 10 shaxmatchisi qatoridan joy oldi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Reytingda Nodirbek Abdusattorov 9-o‘rinni egalladi. U yil davomida 16 ta yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, jami 361,8 ming dollar sovrin puli ishlab oldi. Uning bir turnirdagi eng katta mukofoti 85 ming dollarni tashkil qildi.
10-pog‘onadan FIDE Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindarov joy oldi. U 11 ta xalqaro musobaqada qatnashib, 349,9 ming dollar sovrin puli qo‘lga kiritgan. Sindarov uchun bir turnirdagi eng yuqori gonorar 120 ming dollargacha yetgan.
Yillik reytingda yetakchilik norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsenga nasib etdi: u 16 ta turnirdan 1,46 million dollar ishlab topib, 2025 yilda sovrin pullari 1 million dollardan oshgan yagona shaxmatchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda Fabiano Karuana (889,6 ming dollar), uchinchi o‘rinda esa Levon Aronyan (751,9 ming dollar) qayd etildi. To‘rtinchi pog‘onani Hikaru Nakamura 588,9 ming dollar sovrin puli bilan band qildi.
Eslatib o‘tamiz, Abdusattorov so‘nggi bor blits yo‘nalishidagi shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi bahsda u Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!