Ronaldu 2026 yilda yangilashi mumkin bo'lgan 6 rekord

Krishtianu Ronaldu futbol tarixidagi eng ko'p sovrin yutgan yulduzlardan biri. 2026 yilda esa 40 yoshli portugaliyalik o'z rekordlar ro'yxatini yanada boyitishi mumkin. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
"Al-Nasr" hujumchisi hali ham yuqori motivatsiya bilan maydonga tushmoqda, ayniqsa 2026 yilgi jahon chempionati yaqinlashayotgani fonida. Ronaldu erishgan natijalarni tahlil qilar ekanmiz, u 2026 yilda real tarzda yangilashi mumkin bo'lgan olti rekordni ajratib oldik.
1) Rasmiy o'yinlarda 1000 gol urgan ilk futbolchi
Agar Ronaldu jarohatlardan chetda qolsa, 2026 yil uning tarixga kirishi ehtimoli juda yuqori. Hozircha uning hisobida 957 gol bor, 1000 lik marragacha atigi 43 gol yetmayapti. Sun'iy intellekt hisob-kitoblariga ko'ra, u hozirgi samaradorligini saqlab qolsa, minginchi golini 2026/27 mavsumining ilk oylarida urishi mumkin.
Ronaldu esa bu ko'rsatkichga yetmasdan faoliyatini yakunlashni istamasligini bir necha bor ta'kidlagan. Uning aytishicha, qayerda o'ynashidan qat'i nazar futbolni sevadi, sovrinlar yutishni va hammaga ma'lum bo'lgan 1000 gol marrasiga yetishni maqsad qilgan.
2) To'rt xil mamlakat chempionligini qo'lga kiritish
Tarixda besh xil mamlakatning oliy ligasida chempion bo'lgan futbolchi hali yo'q. Ammo to'rt mamlakatda chempionlikni qo'lga kiritganlar bor va Ronaldu 2026 yilda shu elita ro'yxatiga qo'shilishi mumkin.
U Angliya APL, Ispaniya La Ligasi va Italiya A Seriyasida chempion bo'lgan, ammo Saudiya Pro-ligasida hali titul yutgani yo'q. "Al-Nasr" mavsumni yaxshi boshlagan bo'lsa-da, so'nggi mag'lubiyatdan keyin "Al-Hilol"dan ortda qolib ikkinchi o'ringa tushib ketdi. Agar jamoa baribir chempionlikni olsa, Ronaldu faoliyatidagi yana bir tarixiy bandni belgilaydi.
Bu yo'ldan ilgari Arjen Robben, Zlatan Ibragimovich, Devid Bekhem, Deko, Mark van Bommel, Rivaldo, Irji Yaroshik va Mateya Kejman kabi futbolchilar o'tgan.
3) Oltiinchi jahon chempionatida ham gol urgan ilk futbolchi
Agar Ronaldu JCh-2026da gol ursa, u olti mundialda ham to'p kiritgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylanadi. Eng qiziq tomoni, bu rekordni qo'yish imkoniyati bor yagona futbolchi ham aynan u.
Lionel Messi ham o'zining oltinchi jahon chempionatida ishtirok etishi kutilmoqda, biroq u 2010 yilgi mundialda gol urmagani sabab Ronaldu bilan bir xil natijani takrorlay olmaydi.
4) 200 ta penaltini aniq ijro etgan ilk futbolchi
Ronaldu allaqachon futbol tarixida eng ko'p penalti gol urgan futbolchi sifatida rekordchi: uning hisobida 180 ta 11 metrlikdan gol bor. 2026 yilda u yana 20 ta penalti gol urib, 200 lik marrani birinchi bo'lib zabt etishi mumkin.
Bu katta raqamdek ko'rinadi, ammo Ronaldu uchun bu notanish vazifa emas: masalan, u 2020 yilda 20 marta penalti tepib, shundan 17 tasini golga aylantirgan.
5) "Al-Nasr" tarixidagi eng sermahsul legionerga aylanish
Ronaldu klub tarixidagi mutlaq eng yaxshi to'purar bo'lishi qiyin (bu rekord 259 gol bilan Majed Abdullaga tegishli). Ammo u "Al-Nasr" tarixidagi eng sermahsul chet ellik futbolchi bo'lishi mumkin.
Hozir bu ko'rsatkich marokashlik Abderrazak Hamdallohga tegishli — u "Al-Nasr" safida 115 gol urgan. Material tayyorlangan paytda Ronaldu 113 golga ega edi va yangi rekord uchun unga atigi uchta gol kerak.
6) 30 yoshdan keyin 500 gol urgan ilk futbolchi
Ronaldu yaqinda 30 yoshdan keyin urilgan gollar bo'yicha tarixiy yetakchiga aylandi. Ayni paytda u 30 yoshdan keyin 494 ta gol urib ulgurgan va yaqin orada 500 lik chegarani birinchi bo'lib bosib o'tishi mumkin.
2026 yil yakunida Ronaldu nechta rekordni yangilaydi — buni vaqt ko'rsatadi. Ammo ko'rinib turibdiki, portugaliyalik yulduz hali ham futbol tarixiga yangi sahifalar qo'shish niyatida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!