Beshta gol urilgan derbida «Arsenal» "Chelsi"ni mag‘lub etdi (video)

Angliya Liga kubogi yarim final bosqichining ikkinchi juftida haqiqiy London derbisi tomoshabinlarga katta kayfiyat ulashdi. «Chelsi» o‘z uyi — «Stemford Brij»da «Arsenal»ni qabul qildi va 5 ta gol urilgan jangovor o‘yinda afsuski, «ko‘klar» imkoniyatni qo‘ldan boy berdi — 2:3.
Uchrashuv tez sur’atda boshlandi. «To‘pchilar» 7-daqiqadayoq Uaytning goli bilan hisobni ochib, mezbonlar rejasini erta buzib tashladi. «Chelsi» esa uzoq kuttirmay javob qaytarishga harakat qildi, ammo tanaffusgacha muvozanatni tiklay olmadi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin yanada qizidi. «Arsenal» 49-daqiqada Gokeresh orqali ustunlikni oshirdi. Biroq «Chelsi» taslim bo‘lmadi: Garnacho maydonga tushgach, 57-daqiqada bir gol urib, jamoasini o‘yinga qayta olib kirdi. Ammo «Arsenal» Subimendining 71-daqiqadagi zarbasi bilan yana uzoqroq qadam tashladi.
Shunga qaramay, bahsda intriga so‘nmadi. Garnacho 83-daqiqada dubl qayd etib, hisobni 2:3 ko‘rinishiga keltirdi va «Stemford Brij»ni bir lahzaga portlatdi. Lekin oxirgi daqiqalarda «Chelsi»ning bosimi natija bermadi — mehmonlar g‘alabani ushlab qoldi.
Endi barcha e’tibor javob bahsiga qaratilgan: ikkinchi o‘yin 3 fevral kuni «Arsenal» maydonida bo‘lib o‘tadi. «Chelsi» uchun vazifa aniq — mehmonda xarakter ko‘rsatish va final orzusini saqlab qolish.
Eslatib o‘tamiz, yarim finalning birinchi juftidagi dastlabki o‘yinda «Manchester Siti» 2:0 hisobida «Nyukasl» ustidan g‘alaba qozongan edi.
Angliya Liga kubogi. Yarimfinal (birinchi o‘yin)
Chelsi — Arsenal 2:3
14 yanvar, «Stemford Brij»
Gollar: Garnacho (57, 83) — Uayt (7), Gokeresh (49), Subimendi (71).
Chelsi — Sanches, Achimpong (Badiashile, 53), Chaloba, Fofana (Hato, 75), Kukurelya (Adarabioyo, 81), Santos, Fernandes, Estevao, Net-u, Pedro (Mheuka, 81), Giu (Garnacho, 53).
Arsenal — Arrisabalaga, Gabriel, Saliba, Timber, Uayt, Rays (Haverts, 82), Subimendi, Edegor (Merino, 68), Saka, Trossar (Martinelli, 68), Gokeresh (Jezus, 82).
Ogohlantirishlar: Estevao (42), Trossar (42), Kukurelya (44), Badiashile (65), Arrisabalaga (76), Merino (78), Net-u (90).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!