Arbeloa “Real”ning jismoniy tayyorgarlik tanqidini o‘z zimmasiga oldi

Madridning “Real” jamoasida so‘nggi o‘yinlar ortidan muhokamalar yanada qizidi. Ayniqsa, “Albasete”dan 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat va Ispaniya Kubogini 1/8 finaldayoq tark etish “qaymoqranglilar” atrofidagi bosimni keskin oshirdi. Shu fon ostida klub bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoaning ayni paytdagi jismoniy holati va ommada aytilayotgan gap-so‘zlar haqida ochiq fikr bildirdi.
Jurnalistlar Arbeloadan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘radi: jamoaning jismoniy tayyorgarligi qanchalik yaxshi, bu borada muammo bormi? Ispaniya OAV va muxlislar orasida aynan shu masala eng ko‘p muhokama qilinmoqda. Arbeloa esa bu savoldan qochmadi, aksincha — mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
“Odamlarning nimalar deyayotganini ko‘ryapman. Ular mening Alonsoni tanqid qilishimni istashmoqda. Biroq ular nohaq”, — dedi u.
Arbeloaning ta’kidlashicha, “Albasete”ga qarshi bahsda ko‘zga tashlangan kamchiliklar faqat bir omilga borib taqalmaydi. U yerda g‘oya yetishmasligi ham, o‘yin sur’ati va umumiy jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘liq muammolar ham sezilgan. Biroq shu jihatlarning barchasi uchun javobgar kim degan savol tug‘ilsa, Arbeloa buni aniq aytdi: barchasi bosh murabbiyning bo‘ynida.
“‘Albasete’ga qarshi o‘yinda nimalar — g‘oyasizlik, jismoniy holatning pastligi bo‘lgan bo‘lsa, barchasiga men javob beraman. ‘Real’da faqatgina bir bosh murabbiy bor va barchasi uning bo‘ynida bo‘ladi”, — deya fikrini davom ettirdi mutaxassis.
Shu bilan birga, Arbeloa vaziyatni tuzatish uchun amaliy ishlar boshlanganini ham alohida qayd etdi. U jamoaning jismoniy tayyorgarligini, barqarorligini va umumiy ishonchini tiklashda klubning mashhur mutaxassisi Antonio Pintus bilan birgalikda ish olib borayotganini bildirdi.
“Antonio Pintus bilan jamoani har tomonlama yaxshilash borasida ish olib boryapmiz”, — dedi Arbeloa.
Qisqasi, madridliklar Kubokdagi og‘riqli mag‘lubiyatdan keyin aybdor qidirish o‘rniga, mas’uliyatni bir joyga jamlab, holatni o‘zgartirishga urinayotgani ko‘rinmoqda. Endi “Real” uchun eng muhimi — tanqidlar fonida emas, maydonda javob qaytarish. Muxlis esa har doim bitta narsani kutadi: natija va xarakter.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!