Derbida to‘liq o‘ynagan Abduqodir Husanov qanday statistika qayd etdi?

Angliya Premer-ligasining 22-turidan o‘rin olgan “Manchester Yunayted” — “Manchester Siti” to‘qnashuvi “qizil iblislar”ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvdagi gollar 65-daqiqada Bryan Mbuyemo, 76-daqiqada esa Patrik Dorgu tomonidan kiritildi. Manchester derbisida hamyurtimiz Abduqodir Husanov maydonda to‘liq harakat qildi.
Bellashuv davomida o‘zbek himoyachisi asosan orqa chiziqda katta ish bajardi va bir qator muhim ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Xususan, u jamoasining qurilish paslarida ancha ishonchli harakat qildi: 81 ta uzatmaning 76 tasi manzilga aniq yetib bordi (94%). Himoyada esa Husanov 2 marta to‘pni raqibdan tortib oldi.
Shuningdek, u xavfli vaziyatlarda 9 marta to‘pni uzoqlashtirib, hujumlarni “sovutish”da jamoasiga yordam berdi. Bosh bilan to‘pni chetlashtirish bo‘yicha 3 ta harakat qayd etgan bo‘lsa, yo‘ldan to‘pni olib qolishda 3 marta raqib rejasini buzdi. Yana 3 marta to‘pni qaytarib olish orqali “Siti”ning qayta hujum boshlash imkoniyatini yaratdi.
Statistikaga ko‘ra, Husanov 1 marta raqib tomonidan aldab o‘tilgan. Yerdagi yakkama-yakka to‘qnashuvlarda u 3 marta kurashga kirishib, 2 tasida ustun keldi. Havodagi duellarda esa 2 marta to‘qnashuvga kirishib, ikkalasida ham raqiblarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Qisqasi, hisob “Siti” foydasiga bo‘lmagan bo‘lsa-da, Abduqodir Husanov derbida to‘liq o‘ynab, himoyadagi yukni ko‘tarishga harakat qildi va bir qancha ishonchli harakatlari bilan ko‘zga tashlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!