«Siti» sardorlari Norvegiyaga borgan muxlislarni chipta pulini qaytardi

Chempionlar ligasi doirasida Norvegiyada o‘tgan safar bahsi «Manchester Siti» uchun og‘ir kechdi. Xosep Gvardiola shogirdlari «Budyo-Glimt»ga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, muxlislar kutayotgan natijani bera olmadi.
Biroq mag‘lubiyatdan keyin jamoa yetakchilari muxlislar oldida javobgarlikni amalda ham ko‘rsatishga qaror qildi. Jurnalist Saymon Baykovski ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» sardorlari Norvegiyaga yo‘l olgan klubning barcha 374 nafar muxlisi uchun chipta pulini qaytarib berishni o‘z zimmasiga olgan.
Aytilishicha, bu qaror «shaharliklar»ning yetakchi futbolchilariga qariyb 10 ming funtga tushgan. Jamoa sardorlari bunday vaziyatda muxlislar uchun qilib bo‘ladigan eng kami — safar xarajatlarining bir qismini qoplab berish, deb hisoblagan.
Bu harakat muxlislar bilan jamoa o‘rtasidagi munosabat qanday qurilganini yana bir bor ko‘rsatdi: g‘alaba kunda ham, omadsiz kechada ham muxlis — jamoaning eng katta kuchidir.
Endi Gvardiola jamoasi navbatdagi uchrashuvni 24 yanvar kuni o‘z maydonida «Vulverxempton»ga qarshi o‘tkazadi. «Siti» uchun eng muhim vazifa — bu mag‘lubiyatni tezroq unutib, kelasi o‘yinda ham natija, ham o‘yin sifati bilan muxlislar ishonchini qayta mustahkamlash.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!