Vinisius «Real»ning 20 mln yevro maoshli yangi shartnomasini rad etdi

Madridning «Real» klubi braziliyalik yulduz Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish masalasida hali ham muzokaralarni davom ettiryapti. The Athletic tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar aloqani uzmagan, ammo bu jarayonda shoshqaloqlik ham sezilmayapti.
Ayni paytda Vinisiusning «qirollik klubi»dagi maoshi soliqlardan tashqari hisobda yiliga 18 million yevroni tashkil etadi. «Qaymoqranglilar» esa forvardga yangi kelishuv taklif qilib, bir mavsum uchun 20 million yevro maosh nazarda tutilgan shartnoma variantini olg‘a surgan. Biroq Vinisius bu taklifni qabul qilmagan.
"Real" nima istayapti? Vinisiusning pozitsiyasi qanday?
Manbalar ta’kidlashicha, «Real» Vinisius bilan hamkorlikni uzaytirishga qat’iy qiziqyapti. Eng muhimi, futbolchining o‘zi ham Madridda qolishga moyil ekani aytilmoqda. Ya’ni “ketaman” degan kayfiyat yo‘q, lekin “hoziroq imzo qo‘yaylik” degan tezlik ham yo‘q.
Shu bois muzokaralarda vaziyat hozircha sokin: klub ham, futbolchi tomoni ham har bir bandni puxta o‘ylab, o‘z manfaatini aniq belgilab olishga harakat qilyapti.
Shartnoma muddati va hozirgi manzara
Ma’lumot o‘rnida, Vinisius 2018 yildan beri «Real» safida to‘p tepadi. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yil yoziga qadar amal qiladi. Demak, vaqt bor — shuning uchun ham tomonlar “shoshmaymiz” rejimida ishlayapti.
Bir so‘z bilan aytganda, «Real» Vinisiusni uzoq yillik loyiha sifatida ko‘ryapti, Vinisius esa klubda qolishga qarshi emas. Faqat raqamlar va shartlar masalasida “endi kelishib olamiz” degan nuqta hali to‘liq topilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!