Luis Enrike PSJning maqsadini aytdi va ogohlantirdi

Fransiya chempionatining 19-turi doirasida «PSJ» safarda «Oser»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 23 yanvar kuni soat 00:00 da (Toshkent vaqti bilan) start oladi. O'yin oldidan parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassis jamoa hali chempionatda o'zi xohlagan nuqtaga yetib bormaganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, raqiblar ko'pincha «PSJ»ga qarshi chuqur himoya bilan o'ynaydi va parijliklar bunday uslubga moslashgan. Enrike jamoa turnir jadvalida yetakchilikni qo'lga kiritishni istayotganini ham aytdi, biroq «Lans» ketma-ket 10 g'alaba qayd etib, juda kuchli formaga kirganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, murabbiy «Oser» bahsda muammo tug'dirishi mumkinligini yashirmadi: bu jamoa avvalroq «Marsel», «Lill», «Lans» va «Strasbur»ga qarshi o'yinlarda raqiblarni ancha qiynagan. Enrikening fikricha, turnir jadvalidagi qiyin vaziyat «Oser»ni yanada jangovar qiladi va ular «PSJ»ni yutish uchun bor kuchini ishga soladi. «Bizning ham yengilmas emasligimizni ko'rdik, shuning uchun ehtiyot bo'lib, har bir o'yinda g'alaba uchun juda ko'p ishlashimiz kerak. Maydonda bo'sh hududlar juda kam bo'ladi», dedi u.
Hozirda «PSJ» 42 ochko bilan ikkinchi o'rinda, «Oser» esa 12 ochko bilan 17-pog'onada bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!