"Persepolis"dagi debyut golidan so‘ng Igor Sergeev nimalar dedi?

Eron Pro ligasining 17-turida «Persepolis» o‘z maydonida prinsipial raqiblardan biri — «Sepaxon»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning eng yorqin nuqtasi shundaki, mezbonlar tomonidan kiritilgan har ikki golga ham o‘zbekistonlik futbolchilar mualliflik qildi: hisobni Oston O‘runov ochdi, g‘alabani mustahkamlagan hal qiluvchi zarbani esa Igor Sergeev amalga oshirdi.
Qorli ob-havo, qattiq kurash va yuqori tempda kechgan o‘yindan keyin Igor Sergeev o‘zining «Persepolis» safidagi ilk goli, O‘runov bilan o‘zaro tushunish va uchrashuv oxirida olgan qizil kartochkasi haqida fikr bildirdi.
Uning aytishicha, bahs jamoa uchun yengil kechmagan:
«Bu o‘yin biz uchun juda og‘ir o‘tdi. Debyut golimni urganimdan, albatta, xursandman. Lekin so‘nggi daqiqalarda qizil kartochka olganim achinarli bo‘ldi. Shunga qaramay, qo‘lga kiritilgan 3 ochko jamoa uchun juda qimmat edi. Qorli havoda o‘ynash oson emas, ammo “Persepolis”dagi barcha futbolchilar haqiqiy jangchi va baquvvat», — dedi hujumchi.
Sergeev golli epizodda Oston O‘runovning hissasini alohida ta’kidlab, jamoadoshiga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’biricha, aynan O‘runovning o‘ziga ishonch bergan harakati debyut golini tezroq urlishiga sabab bo‘lgan:
«O‘ylaymanki, Oston men orqasida ekanligimni ko‘rdi va “Persepolis”dagi birinchi golimni urishimda menga katta yordam berdi. Bu uchun unga rahmat. Ushbu gol mening o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirdi», — dedi Sergeev.
Shu bilan birga, uchrashuv so‘nggi daqiqalarida olgan qizil kartochka ham hujumchining kayfiyatiga ta’sir qilgan. U keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lgani uchun jamoa bosh murabbiyidan uzr so‘rashini ham ochiq aytdi:
«Qizil kartochka olganim va keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘lganim uchun bosh murabbiydan uzr so‘rayman. Barcha muxlislarimizga rahmat. “Persepolis” — mening jamoam. Biz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish uchun kurashamiz», — dedi u.
Qisqasi, «Persepolis» uchun bu g‘alaba turnir jadvali nuqtayi nazaridan ham, ruhiy jihatdan ham muhim bo‘ldi. Eng muhimi — O‘runov va Sergeevning gollari o‘zbekistonlik muxlislarga yana bir bor faxrli kayfiyat ulashdi. Endi esa barchaning diqqati keyingi uchrashuvga qaratilgan: jamoa Sergeevsiz qanday yechim topadi, O‘runov esa bu tempni saqlab qololadimi — intriga shu yerda.