“Manchester Siti” bugun “Vulverxempton” qarshi: Gehi debyuti kutilmoqda

APLning 23-turi doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Vulverxempton”ni qabul qiladi. “Shaharliklar” uchun 2026 yil hozircha u qadar yorqin boshlangani yo‘q: jamoa joriy yilda 7 ta uchrashuv o‘tkazib, faqat 2 tasida g‘alaba qozona oldi. Qolgan bahslarda esa ochko yo‘qotishlar ko‘payib, chempionlik poygasida har bir o‘yinning qiymati yanada oshdi.
Vaziyatni qiyinlashtirgan asosiy omillardan biri — jarohatlar. Bir qator muhim futbolchilar maydonga tusha olmayotgani sabab “Siti” tarkibida barqarorlik yetishmadi. Shu fon ortidan klub rahbariyati qishki transferlar oynasida himoya chizig‘ini mustahkamlashga bel bog‘ladi va “Kristal Pelas”dan markaziy himoyachi Mark Gehini jamoaga olib keldi. Ayni uchrashuvda uning “Siti” safidagi ilk o‘yini bo‘lishi kutilyapti.
Qizig‘i, bir qator nufuzli manbalar “shaharliklar”ning “bo‘rilar”ga qarshi ehtimoliy tarkibini ham e’lon qilib ulgurdi. Ayrim talqinlarda sxema ham, ayrim pozitsiyalardagi tanlov ham farq qiladi, lekin eng katta intriga bir xil: Husanov — Gehi juftligi va Xolandning old chiziqdagi roli.
CityXtra talqinida “Manchester Siti”ning taxminiy tarkibi quyidagicha:
Donnarumma; Lyuis, Husanov, Gehi, O’Rayli; Rodri, Bernardu (s), Cherki; Semeno, Xoland, Dok-u.
Sport Mole talqini esa boshqacha variantni keltiradi:
Donnarumma; Nunes, Husanov, Gehi, O’Rayli; Rodri, Bernardu; Semeno, Foden, Dok-u; Xoland.
“Vulverxempton”ning ehtimoliy tarkibi ham ma’lum:
Sa; Moskera, S. Bueno, Kreychi; Tchatchua, Andre, Mane, J. Gomesh, H. Bueno; Xvan, Strand Larsen.
Ma’lumot uchun, uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi. “Siti” uchun bu bahs oddiy 3 ochko emas — 2026 yildagi “qora chiziq”ni uzish, muxlis kayfiyatini tiklash va yangi himoyachining debyutini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham. Shuning uchun bugungi o‘yinda maydonda “hisob”dan ko‘ra “xarakter” ko‘proq gapirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!