Marmush va Semenoning gollari "Siti"ga ishonchli g‘alaba keltirdi (video)

APLning 23-turi doirasida “Manchester Siti” va “Vulverxempton” o‘rtasidagi bahs o‘z yakuniga yetdi. “Etixad”da o‘tgan bellashuvda Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoa raqibini ishonchli tarzda yengib, 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Uchrashuv juda tez sur’atda boshlandi. “Shaharliklar” ilk daqiqalardanoq tashabbusni qo‘lga oldi va bu bosim tez orada o‘z samarasini berdi. 6-daqiqada Omar Marmush to‘pni darvoza to‘riga joylab, hisobni ochdi. Bu gol uy egalariga qo‘shimcha ruhiy kuch berdi, “Vulverxempton” esa o‘zini himoyaga tashlashga majbur bo‘ldi.
Birinchi bo‘lim so‘nggi lahzalarda “Siti” yana bir bor hujumda o‘z so‘zini aytdi. Qo‘shib berilgan vaqtning 2-daqiqasida Antuan Semeno vaziyatdan foydalanib, jamoasining ikkinchi golini urib qo‘ydi. Shu tariqa tanaffusga “Manchester Siti” ikki to‘plik ustunlik bilan yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limda ham “shaharliklar” o‘yinni nazoratda ushlab turdi. “Bo‘rilar” hisobni qisqartirish uchun harakat qildi, ammo himoyadagi ishonchli o‘yin va tartibli tizim mehmonlarga katta imkoniyat berishga qo‘ymadi.
Ushbu bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi. U orqa chiziqda vaziyatni o‘qiy bilishi, kurashlarda qat’iyatliligi va xavfli epizodlarni bartaraf etishi bilan ko‘zga tashlandi.
APL. 23-tur. 24 yanvar
Manchester Siti — Vulverhempton 2:0
Gollar: Marmush (6), Semenyo (45+2).
Manchester Siti — Donnarumma, Gehi, Husanov, Nunesh, O’Rayli, Rodri, Reynders, Silva, Sherki, Semenyo, Marmush.
Vulverhempton — Sa, Gomes, Mane, Andre, Arias, S.Bueno, Kreychiy, U.Bueno, Chachtua, Moskera, Hvan.
Qayd etish joiz, mazkur g‘alabadan keyin “Manchester Siti” ochkolarini 46 taga yetkazib, turnir jadvalida 2-o‘rinni saqlab qoldi. Gvardiola jamoasi uchun bu natija nafaqat turnir nuqtayi nazaridan, balki kayfiyat va ishonchni qayta tiklash yo‘lida ham muhim qadam bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!