Husanov va Gexi tandemi: ularning bugungi o‘yini qanday baholandi?

Angliya Premer-ligasining 23-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” — “Vulverxempton” bahsi “shaharliklar”ning 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Ushbu uchrashuvda gollar Omar Marmush va Antuan Semeno tomonidan darvozaga kiritildi.
Bellashuvning eng qiziq jihatlaridan biri — o‘zbekistonlik legionerimiz Abduqodir Husanovning to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qilgani bo‘ldi. E’tiborlisi, bu uchrashuvda Husanov jamoa safiga yaqinda kelib qo‘shilgan angliyalik markaziy himoyachi Mark Gexi bilan birga tandem hosil qildi. Ular birgalikda himoyada ancha barqaror harakat qilib, “bo‘rilar”ning hujumlarini ko‘p holatda o‘z vaqtida to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishdi.
Uchrashuvdan keyin Gexining o‘yini turli statistik va analitik platformalarda yuqori baholandi. Xususan, “Sofascore” uni 7.4 ballga loyiq ko‘rgan bo‘lsa, “Flashscore” 7.7 ball qayd etdi. “WhoScored” ham 7.4 ball qo‘ydi, “FotMob” esa Gexiga 7.6 ball berdi.
Abduqodir Husanovning ko‘rsatkichlari ham muxlislarni xursand qildi. Nufuzli dasturlar legionerimiz o‘yinini quyidagicha baholadi: “Sofascore” — 7.4 ball, “Flashscore” — 7.5 ball, “WhoScored” — 7.4 ball. “FotMob” esa Husanovning harakatlarini 7.7 ballga munosib, deb topdi. Bu baho himoyachi uchun aynan kerakli signal — maydonda ishonch, tez qaror va mustahkam pozitsiya borligini anglatadi.
Ma’lumot uchun, keyingi turda Pep Gvardiola shogirdlari yanada katta sinov oldida turibdi — “Manchester Siti” “Tottenxem”ga qarshi maydonga tushadi. Husanov va Gexi tandemining o‘sha uchrashuvda ham qanday ko‘rinishda bo‘lishi muxlislar uchun alohida qiziq bo‘ladi.