Kivu Interning Chempionlar ligasidagi pasayishini izohladi

Milanlik «Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu Chempionlar ligasida jamoa natijalari nega sustlashganini tushuntirib berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
«Neradzurrilar» turnir tarixida ilk bor ketma-ket uch o'yinda mag'lub bo'ldi: Madridning «Atletiko»siga (1:2), «Liverpul»ga (0:1) va «Arsenal»ga (1:3) yutqazdi.
Kivuning ta'kidlashicha, jamoa bu uch uchrashuvda ham ko'proq natijaga loyiq edi. Madridda «Inter» so'nggi daqiqalarda gol o'tkazib yubordi, «Liverpul»ga qarshi bahsda esa o'yin taqdirini oxirgi daqiqalardagi penalti hal qildi. «Arsenal»ga qarshi bahsda ham milanliklar jasorat bilan, qat'iy harakat qilganini murabbiy alohida qayd etdi.
«So'nggi oylar ichida jamoa ruhiy tayyorgarlik va psixologik barqarorlik borasida ancha o'sdi. Xatolar bo'lib turadi. Ideal mavsum bo'lmaydi — biz doimiy ravishda o'z ustimizda ishlashimiz kerak», — deya Kivuning so'zlarini InterTV keltirdi.
Bugun «Inter» umumiy bosqichning yakuniy turida safarda Dortmundning «Borussiya» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!