Tata Steel Chess 2026: Ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi yetakchilik qilmoqda

Shaxmat olamidagi eng obro‘li musobaqalardan biri bo‘lgan Tata Steel Chess 2026ning 11-turi yakuniga yetib bormoqda. Eng quvonarlisi — bu tur ham biznikilar uchun kayfiyatli o‘tdi: hamyurtlarimiz ijobiy natija qayd etib, yurtimizdagi shaxmat ishqibozlarini xursand qildi.
Avvalo, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda mezbon Jorden van Forestga qarshi durang o‘ynab, peshqadamlikni saqlab qoldi. Bunday paytda “1 ochko olsam bo‘lardi” degan ishtiyoq ham chiqadi, lekin qorada tavakkal qilish — ba’zan o‘z qo‘ling bilan o‘zingga “proval” qazish bilan barobar. Shuning uchun Nodirbek uchun durang bu turda juda oqilona, hisob-kitobli qaror bo‘ldi.
Kunning eng yorqin xabari esa Javohir Sindarovdan keldi. U hindistonlik Arjun Erigaisini mag‘lubiyatga uchratdi — va bu g‘alaba, rostdan ham, turnirga yangi dramaturgiya qo‘shdi.
Qariyb besh yarim soat davom etgan bahsda Sindarov qora donalarda juda chidamli va aniq o‘yin ko‘rsatdi. Dastlabki soatlarda har ikki taraf ham tartibli, “buzib tashlayman” degan shoshma-shosharsiz harakat qildi. Lekin raqibning bittagina mayda xatosi Javohir uchun yetarli bo‘ldi: ayniqsa, vaqt tanqis bo‘lgan pallada Erigaisi ketma-ket bir necha adashishlarga yo‘l qo‘yib, oxir-oqibat partiyani boy berdi. Shaxmatda ba’zan aynan shu — bir lahza, bir qaror — hammasini o‘zgartirib yuboradi.
Natijada Sindarov ochkolari sonini 7 taga yetkazib, Abdusattorov bilan tenglashib oldi. Endi turnir oxirida ochkolar teng bo‘lib qolsa, ikkisi o‘zaro o‘yinni durang bilan yakunlagani sababli chempion tay-breklarda aniqlanishi mumkin. Ammo bunday ssenariyga yetib kelish uchun ham bir shart bor: Nodirbek ham, Javohir ham oldindagi ikki turda ijobiy natijalarni ushlab qolishi kerak bo‘ladi.
Yana bir e’tiborli fakt: Javohir Sindarov hozircha turnirda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan yagona o‘yinchi bo‘lib turibdi. U 11 ta bahsda 8 ta durang va 3 ta g‘alabani qayd etdi. Bunday barqarorlik — finalgacha “nervni sotmay” borish degani.

Qisqasi, turnirning eng qiziq joyi endi boshlanyapti: ikki o‘zbek shaxmatchisi tepada yelkama-yelka turibdi. Endi har bir partiya — xuddi final. Muxlislar uchun esa vazifa oddiy: duo + sabr. Chunki oxirgi ikki turda nervlar Netflix’dan ham qiziqroq bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!