"Barselona" uyqu mutaxassisi bilan tiklanishni yangi bosqichga chiqardi

Kataloniyaning “Barselona” klubi bu mavsum juda qiziq yo‘lni tanladi: murabbiylar shtabi endi faqat taktika, pressing yoki jismoniy tayyorgarlik bilan cheklanib qolmayapti. Ular futbolchilarning dam olishi va tiklanishi masalasiga ham jiddiy yondashishni boshladi.
Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, “Barselona” shiddatli mashg‘ulotlar va tinimsiz o‘yinlardan keyin futbolchilarning organizm tezroq va sifatliroq qayta tiklanishi uchun uyqu bo‘yicha mutaxassisni taklif qilgan. Ya’ni, jamoada endi “yaxshi uxladingmi?” degan savol shunchaki ahvol so‘rash emas — tayyorgarlikning bir qismi.
Qayd etilishicha, ushbu mutaxassisning asosiy vazifasi, ayniqsa, mavsumoldi yig‘inlari va safar uchrashuvlarida katta ahamiyat kasb etadi. Sababi oddiy: vaqt mintaqalari o‘zgarishi, erta tongda qaytish, kun tartibining izdan chiqishi organizmga qattiq ta’sir qiladi. Bunday holatlar stress, tashvish va charchoqni kuchaytiradi, natijada maydondagi tezlik ham, diqqat ham pasayib ketishi mumkin.
Shuning uchun “Barsa” bu masalani “o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi” deb qoldirmayapti — uyqu rejimi, tiklanish, safardan keyin organizmni to‘g‘ri holatga qaytarish kabi detallar rejali tarzda nazorat qilinmoqda. Chunki katta futbolda mayda detal — ko‘pincha katta farq.
Bundan tashqari, jamoada ovqatlanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Futbolchilar mashg‘ulot bazasida nonushta qilishadi, shuningdek, istasa, mashg‘ulotlarga o‘zlari bilan yegulik olib kelishlari ham mumkin. Maqsad bitta: organizmga kerakli “yoqilg‘i”ni vaqtida berish, tiklanish jarayonini tezlashtirish va shikastlanish xavfini kamaytirish.
Qisqasi, “Barselona” hozir futbolchilarni maydonda emas, birinchi navbatda kundalik hayot rejimida ham “formaga” keltirayapti. Futbolda trofeylar ko‘pincha stadionda emas, uxlash va tiklanish kabi ko‘rinmas joylarda “quriladi” — va kataloniyaliklar buni yaxshi tushunib qolganga o‘xshaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!