Xoland chempionlik poygasi haqida gapirdi: "Fulhem"ga qarshi u tayyor...

APLda chempionlik uchun bahs yana qiziydi. «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand ham bu kurash haqida o‘z fikrlarini bildirib, jamoa uchun eng muhim jihat — hozirgi lahzada to‘g‘ri ritmni ushlab qolish ekanini ta’kidladi.
Norvegiyalik snayperning aytishicha, Premer-ligada chempionlik masalasi ko‘p marta oxirgi turlargacha cho‘zilganini hamma ko‘rgan. Shu bois u hozir “hammasi bitdi” yoki “endi kech” degan kayfiyatga tushishni noto‘g‘ri deb hisoblaydi.
Holand bugungi kunda o‘z shaxsiy holatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u uchun eng asosiy vazifa — tiklanish, jamoaviy rejimga to‘liq qaytish va keyingi bellashuvga bor diqqatni qaratish.
“Hozir men uchun eng muhimi — tiklanish, jamoaviy rejimga qaytish va to‘liq ravishda «Fulhem»ga qarshi navbatdagi uchrashuvga e’tibor qaratish. Oldinda hali ko‘p o‘yinlar bor”, — deya Xolandning fikrlarini ESPN nashri keltirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ayni paytda «Manchester Siti» 50 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Shaharliklar» peshqadam «Arsenal»dan 6 ochko ortda qolgan. Demak, oldindagi har bir uchrashuv — nafaqat uch ochko, balki psixologik ustunlik uchun ham kurash degani.
Xulosa bitta: Xoland va «Siti» hali taslim bo‘lgani yo‘q. Mavsum uzun, o‘yinlar ko‘p, vaziyat har turda o‘zgarishi mumkin. Endi esa barcha e’tibor — «Fulhem»ga qarshi bahsda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!