Husanov kecha 30 daqiqa ishonchli o‘ynadi: u qanday statistika qayd etdi?

APLning 26-turida «Manchester Siti» «Fulxem»ni mag‘lub etib, navbatdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu bellashuvda hamyurtimiz Abduqodir Husanov 60-daqiqada zaxiradan maydonga tushirildi va qolgan 30 daqiqa davomida o‘zini juda ham tartibli, ishonchli himoyachi sifatida ko‘rsata oldi.
Har doim ham futbolchi maydonga tushgani bilan “ko‘zga tashlanib ketishi” shart emas. Ayniqsa, himoyada o‘ynaydigan yigitlar uchun eng katta maqtov — xatosiz o‘yin, vaziyatni to‘g‘ri o‘qish va to‘pni yo‘qotmaslik. Husanov aynan shu jihatdan o‘ziga plyus yozib qo‘ydi: 30 daqiqa harakat qildi, xavfli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymadi, pozitsiyani ushladi va eng muhimi — to‘pni umuman yo‘qotmadi.
Uning o‘yindagi umumiy ko‘rsatkichlari quyidagicha: maydonda 30 daqiqa o‘tkazdi, gol ham, assist ham yo‘q. Zarba bermadi, imkoniyat yaratmadi — bu normal, chunki u maydonga himoya vazifasini mustahkamlash uchun tushgan. Paslariga kelsak, 14 ta uzatmaning 11 tasi aniq chiqqan — 79 foiz. Himoyaviy harakatlar soni 4 ta bo‘lgani ham uning “o‘yindan chiqib ketmagani”, aksincha, vaziyat ichida bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hujumda u ko‘proq sodda va ishonchli qarorlarni tanladi. 25 marta to‘p bilan bo‘ldi, raqib jarima maydoni ichida teginish qayd etilmadi. Lekin muhim nuqta bor: uzun uzatmalar 2 tadan 2 tasi aniq — 100 foiz. Bu degani, u to‘pni oddiy “tepib qutulish” uchun emas, to‘g‘ri manzilga yetkazish uchun ishlatgan. Yana bir kuchli signal — to‘pni yo‘qotish 0. Himoyachi uchun bu “layk” emas, bu “sezon pass”ga o‘xshaydi.
Himoyadagi raqamlar ham ancha tiniq: 2 ta to‘pni tortib olish (tackle), 1 ta tozalash (clearance), 1 ta to‘pni olib qo‘yish (interception), 1 ta to‘pni qaytarib olish (recovery). Bloklar bo‘lmagan, lekin bu har doim ham shart emas — ba’zan to‘g‘ri pozitsiya blokdan ham kuchliroq ishlaydi. Eng yoqimlisi: aldanib o‘tilgan holatlar 0. Demak, u “birga bir”da yo‘qolmadi.
Yakkakurashlarda ham Husanov o‘zini yaxshi ko‘rsatdi: yerdagi duellar 2/2 — 100 foiz. Havodagi kurashlar bo‘lmagan (0/0). Foul ham qilmagan, foulga ham uchramagan — 0/0. Bu esa uning o‘yinida ortiqcha ehtiros yoki behuda risk yo‘qligini, harakatlari nazoratli ekanini anglatadi.
Xulosa oddiy: bu 30 daqiqa “statistika uchun” emas, ishonch uchun ishlangan daqiqalar bo‘ldi. Husanov maydonga tushib, vaziyatni buzmadi, aksincha, himoyada barqarorlikni saqlab turdi. Hozir eng muhim narsa — shu ishonchli chiqishlarni ko‘paytirish. Chunki APLda bir narsa qonun: kim xatosiz va barqaror o‘ynasa, o‘sha ko‘proq vaqt oladi. Abduqodir esa hozir aynan shu yo‘ldan ketyapti — sekin, lekin qattiq.