Kaladze Milan uchun o‘ziga o‘xshash himoyachini tanladi

“Milan”ning sobiq himoyachisi Kaxa Kaladze o‘zining avvalgi jamoasi uchun “yangi Kaladze” kim bo‘lishini aytdi. Hozir Tbilisi shahri hokimi sifatida faoliyat yuritayotgan gruziyalik futbolchi bu rolga serbiyalik markaziy himoyachi Straxinya Pavlovichni munosib deb hisoblaydi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kaladzening fikricha, Pavlovich jismonan kuchli va o‘yin uslubi jihatidan unga yaqin. “Tanlovim — Straxinya Pavlovich. U jismonan baquvvat va o‘yin uslubi bilan menga o‘xshaydi. U yosh, istiqbolli, ishlashi kerak bo‘lgan jihatlar bor, ammo to‘g‘ri yo‘lda”, — deya Kaladzening so‘zlarini pianetamilan.it keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kaxa Kaladze 2001–2010 yillarda “Milan” sharafini himoya qilgan. Pavlovich esa aynan Kaladze italiyaliklar safiga kelgan 2001 yilda tug‘ilgan. Serbiyalik futbolchi “Milan” safida 2024 yildan beri o‘ynamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!