Messi Puerto-Rikodagi o‘yinni qoldirdi

AQSHning Inter Mayami CF klubi rasmiy sayti orqali chempionlik turi doirasida Puerto-Rikoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi 26 fevral sanasiga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qaror jamoa sardori — Lionel Messining jarohati sabab qabul qilingan.
38 yoshli yulduz mazkur holat yuzasidan Puerto-Rikodagi muxlislardan uzr so‘radi.
— Afsuski, so‘nggi o‘yinda mushaklarimda noqulaylikni his qildim. Sizlar bilan uchrashuvni juda kutgan edik, shu bois klub bilan birgalikda mening Puerto-Rikoga borib maydonga tushishim uchun muqobil sana belgilash ustida ishladik.
Sizlar qanchalik hayajon bilan o‘yinni kutayotganingizni va “Inter Mayami”ni jonli tomosha qilishni istashingizni yaxshi bilamiz. Bu yaqin orada amalga oshishiga umid qilaman, — dedi Messi.
Futbolchining ushbu murojaati ijtimoiy tarmoqlarda qisqa vaqt ichida keng tarqaldi. Ko‘plab muxlislar Messining o‘z muxlislariga bo‘lgan hurmati va samimiy munosabatini yuqori baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!